AsosiySUG'DIYONA

​AYoLLAR, O`ZIMIZGA KO`ZGU TUTAMIZ!

'​AYoLLAR, O`ZIMIZGA KO`ZGU TUTAMIZ!'ning rasmi

Siz qanday ayolsiz? Mazkur testimiz ushbu savolingizga javob topishingizda yordam beradi. Sharti oddiy, savollarga ro`yi-rost javob bering. Natija esa qanaqa chiqmasin, sizning foydangizga. Chunki fe`lingizdagi ayrim «minus»larni ko`rib, ularni to`g`irlash imkoniyatiga ega bo`lasiz, degan umiddamiz.

1. Tasavvur qiling, qariyb o`n yildan buyon ko`rishmagan dugonangiz, qo`ng`iroq qildi va sizlar uchrashishga kelishdingizlar...

A. «Ey, Xudoyim-ey! Hozir ko`rinishim yaxshimas-ku, bu ahvolda u bilan uchrashishni umuman istamasdim» — 3 ball.

B. «Xayolimga birinchi keladigan fikr nima kiysam ekan bo`ladi. Qaysi libosimda yanada chiroyli, yosh ko`rinaman? Balkim yangi kiyim sotib olishim kerakdir» — 2 ball.

V. «Judayam xursand bo`laman! Albatta, uchrashishga shoshaman. U qanaqa o`zgarib ketgan ekan-a?» — 1 ball.

2. Dugonangiz sizga do`kon aylanishni taklif qildi, ammo puli kamligi sabab u-bu narsa yoqib qolsa, sizdan pul berib turishingizni so`radi.

A. «Albatta, rozi bo`laman. Hatto o`zimda ham pul ko`p bo`lmasa-da» — 2 ball..

B. «Juda charchaganman degan bahonalar bilan rad qilaman. Vaqtni bekorga sarflashning nima keragi bor?» — 3 ball.

V. «Faqat bir shart bilan rozi bo`laman, agar menga nimadir yoqib qolsa, qarz berib turishini aytaman» — 1 ball.

3. Turmush o`rotog`ingiz sizga anchadan buyon gul sovg`a qilmadi...

A. O`zingiz chiroyli guldasta sotib olib, hayotdan zavqlanib yashashda davom etasiz — 2 ball.

B. Gap orasida ehtiyotkorlik bilan luqma tashlaysiz — «Qachon bayram bo`larkan, chiroyli gullar sovg`a qilarkansiz» — 1 ball.

V. Xafa bo`lasiz, norozligingizni ifodalaysiz. Ammo odatda u baribir tushunmaydi — 3 ball.

4. Yaqin dugonangiz qo`ng`iroq qilib, turmushga chiqayotganini aytib qoldi, hayratlanarlisi, so`nggi bor uchrashganlaringizda bu mavzuda gap-so`z yo`q edi.

A. U uchun xursand bo`lasiz va qanday tanishganlariga qiziqasiz — 2 ball.

B. Chin yurakdan baxt tilaysiz. Uning to`y oldi xavotirlarini aritib, baxt-iqbol kutayotganini aytasiz — 1 ball.

V. Xursand bo`lasiz-u, lekin oilali ayol bo`lishning ijobiy va salbiy tomonlarini sanab o`tasiz, hayotga real qarash kerakligini ta`kidlaysiz — 3 ball.

5. Turmush o`rtog`ingiz oxirgi paytlarda sizning tashqi ko`rinishnigizdan norozi, to to`lishib ketayapsan deydi, to o`zingga qaramaysan, deya tanbeh beradi.

A. «Xo`sh, nima bo`libdi? Men avvalo o`zimga yoqishim kerak!» — 1 ball.

B. Tezda ozish harakatiga tushib, go`zallik muolajalarini boshlab yuborasiz — 2 ball.

V. O`zgarish uchun undan pul talab qila boshlaysiz — 3 ball.

6. Turmush o`rtog`ingiz do`stlari bilan oilaviy uchrashmochi. Sizning mehmonga borishga xohishingiz yo`q...

A. «Bormayman. Yaxshisi, uy ishlarini qilaman» — 1 ball.

B. «Nima qilish keark? O`zini yolg`iz yubora olmayman-ku, u bilan birga boraman» — 3 ball.

V. «Unga do`stlarini xushlamasligingizni to`g`ridan-to`g`ri aytmaysiz. Ammo gap orasida uni qo`llab-quvvatlash uchungina borayotganingizni bildirib qo`yasiz» — 2 ball.

7. Shu kunlarda rahbaringiz hadeb sizga bosim o`tkazayapti...

A. «Boshliq bilan gaplashish befoyda. U nimani dastak qilayapti, shu ishni to`g`irlashga harakat qilasiz. Yoki boshqa bo`limga o`tishni o`ylab ko`rasiz — 2 ball.

B. Boshingizni ortiqcha og`ritib o`tirmaysiz, ishim yoqmayotgan bo`lsa, bo`shatib yubora qolsin, deysiz — 3 ball.

V. Yuziga bunaqa munosabat sizni xafa qilishini aytasiz, mayli, keyin bo`shatib yuborsa ham — 1 ball.

8. Ishdan qaytayapsiz, uyingizgacha hali ancha bor. Yo`llar esa tirband. Aksiga olib telefoningiz quvvati o`chib qolgan.

A. Birinchi istalgan kishidan telefonini so`rab olib, eringizni ogohlantirasiz — 1 ball.

B. Kayfiyatingiz buziladi. O`zingizni ayblay boshlaysiz — 3 ball.

V. Ortiqcha xavotirlanmaysiz. Yo`l tirband bo`lsa, kutasiz-da, nachora — 2 ball.

9. Farzandingiz maktabdan tushkun kayfiyatda qaytdi...

A. «Men ham xafa bo`laman, bu tabiiy» — 3 ball.

B. Albatta, maktabga borib, bolangizni xafa qilganlar bilan gaplashib qo`yasiz, eringizga ham bu haqda aytasiz — 1 ball.

V. Bolangiz bilan suhbatlashasiz, nega xafa bo`ldi, balkim arzimas voqeadan kayfiyati tushgandir. Agar arzirli sabab bo`lsa, o`qituvchisi bilan gaplashib olasiz — 2 ball.

10. Umr yo`ldoshingiz qo`ng`iroq qilib, kechroq kelishini aytdi. Bugun eski qadrdoni bilan ko`rishar ekan...

A. Xafa bo`lasiz, axir sizning o`z rejalaringiz bor edi — 1 ball.

V. Qo`ng`iroq qilib ogohlantirgani yaxshi. Ammo u aniq eski qadrdoni bilanmi? Shuni aniqlashga kirishasiz — 3 ball.

V. «Rahmat, ogohlantirganingiz uchun, yaxshi o`tiringlar, juda kech qolib ketmang, men sizni kutaman», deysiz — 2 ball.

11. Yaqin dugonangiz bilan ko`rishib qoldingiz. U ilk gapidanoq tashqi ko`rinishingizni muhokama qilsa — «Yuzingiz nursizdekmi, ko`zlaringiz shishganmi?»

A. Dugonangiz sezdimi, demak, o`zingizga qaramasangiz bo`lmaydi, kosmetolog qabuliga yozilasiz — 2 ball.

B. «Ha, yillar o`tayapti, hamma ham o`zgaradi. U ham bir o`ziga qarab qo`ysa bo`lardi?» — 1 ball.

V. Arazlaysiz. Tanqid qilish oson, charchaganman-da, shunga hozir ko`rinishim yaxshimas, deb o`zingizni oqlashga tushasiz — 3 ball.

12. Muhim uchrashuvga otlandingiz. Mo`ljallagan ko`ylagingizni kiyib, ko`zguga boqsangiz, unga dog` tekkan ekan.

A. «Dahshat, hech qaerga bormayman, chunki endi hammasi omadsiz o`tadi» — 3 ball.

B. «Kayfiyatim tushib, yuvishga kirishaman, agar ketmasa, boshqa yaxshiroq kiyimimni kiyaman» — 1 ball.

V. «Hecham vahima qilish shartmas. Boshqa libosimni kiyib, xotirjam yo`lga chiqaman» — 2 ball.

Natijalar bilan tanishing!

Umid bilan yashang!

29—36 ball. Siz juda mehnatkash, sarishta uy bekasisiz. Xonadoningiz hamisha tinch va osiyishta bo`lishini istaysiz. Tajribalisiz! Janjalkashlik sizga yot. Ammo sizni ich-ichingizdan ishonchsizlik, qo`rquv, rashk kabi tuyg`ular boshqarib turgan bo`lishi ehtimoli ham mavjud. Muammolarni engil qabul qilishni o`rganing. Doim hayotning qorong`u tomonini ko`rmang. Bo`lmasa, umidsizlik botqog`iga yanada botib boraverasiz. Ishoning, har qanday muamomni hal qila olasiz! O`zingizga va ma`lum bir vaziyatlarda atrofingizdagilarga ishonch bildirsangiz, bas.

Ayolligingizni unutmang!

20–28 ball. Siz hayotni qadrlaysiz, behuda vaqt sarflamaysiz, hech bir kunni bekor o`tkazishni istamaysiz. Og`ir vaziyatga tushib qolganingizda ham tragediya yasamaysiz. Doim yaxshi kayfiyatda bo`lishga harakat qilasiz, buni atrofdagilargayam ulashasiz. E`tiborli va bag`ringkengligingiz tufayli boshqalarni tashvishga qo`ymaysiz. Muamolaringizni o`zingiz hal qilasiz. Hatto yoringizning ham boshini og`ritmaysiz. Lekin buni oson deb bo`lmaydi. Sizda mas`uliyat hissi juda kuchli. Ayol kishi nozik hilqat, ba`zida o`zni ojiz, kuchsiz ko`rsatishb turish, hatto, biroz injiqlanish ham zarur.

Jim turishni o`rganing!

12–19 ball. Siz o`ziga ishongan, uzoqni ko`ra biladigan, vahimadan yiroq va hamma narsannig imkoni bor, deya hisoblaydigan ayolsiz. Hayotga doim teran aql bilan qaraysiz. O`zingizning va atrofdagilarning bahosini bilasiz. Juda e`tiborlisiz, ammo o`zingizga tegishli bo`lmagan voqea-hodisalar, narsalarni miridan-siriga bilishga qiziqavermaysiz.

Turmush o`rtog`ingiz bilan hamma ishni birgalikda qilishni yaxshi ko`rasiz. Ko`ngli ochiq, haqiqatgo`y insonsiz. Yolg`onchi, ikkiyuzlamachi odamlarni tushunmaysiz va ularga toqat qilolmaysiz.

Ammo sizning haddan ziyod to`g`riso`zligingiz ba`zida atrofdagilarni asabiylashtiradi. Sabrli bo`ling. Har kun har xil holat, vaziyat bo`lishi mumkin. Boshqalarning ko`nglini og`ritishdan saqlaning. O`rni kelganida sukut saqlashni biling.

MUXLISA tayyorladi.

    Boshqa yangiliklar