Vatanimiz mustaqilligining 26 yillik bayramiga qizg`in tayyorgarlik ko`rilayotgan shu kunlarda Sirdaryo viloyatining Guliston tumani Dehqonobod shaharchasidagi Namuna mahallasida 32 oilaga mo`ljallangan 2 qavatli ikkita uy foydalanishga topshirildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Shu munosabat bilan o`tkazilgan tadbirda mamlakatimizda fuqarolar bilan muloqot qilishning samarali va zamonaviy mexanizmi yo`lga qo`yilgani odamlarning o`y-fikrlari, quvonchu tashvishlarini o`rganish, hayotiy talab va manfaatlarini har tomonlama ta`minlashga xizmat qilayotgani alohida ta`kidlandi.
"Ibrat" mahalla fuqarolar yig`ini hududida yashayotgan II guruh nogironi Jamoliddin Xoljigitov oila a`zolarining quvonchi cheksiz. Ularning bir necha yillik orzusi amalga oshib, uch xonali kvartiraga ko`chib o`tdi.
Tumanning “Boyovut“ suv iste`molchilar uyushmasi hududida yashovchi II guruh nogironi Botir Umarovlar oilasiga ham Prezidentimiz sovg`asi – yangi uyning kaliti topshirildi.
– Turmush o`rtog`im, 2 o`g`lim va kelinlarim bilan bitta kvartirada ijarada yashardik, – deydi Rohila Umarova. – Davlatimiz g`amxo`rligi tufayli bugun o`z uyimizga ega bo`lib o`tiribmiz. Kutilmagan baxt deganlari shu bo`lsa kerak. Xuddi osmondan tushgandek uyli bo`lsak-a?! Ishonging kelmaydi. Lekin uyning kaliti qo`limda turibdi, mana. Ehtiyojmand oilalar og`irini engil qilayotgan, uy bilan, ish bilan ta`minlayotgan Prezidentimizdan juda minnatdormiz. Bu uy eng ulug`, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramiga davlatimiz rahbarining unutilmas sovg`asi bo`ldi.
Viloyatda yil oxiriga qadar yana 6 shunday uy foydalanishga topshiriladi. Shahar va tumanlardagi bo`sh turgan binolar qayta ta`mirdan chiqarilib, 2017-2018 yillarda uy-joyga muhtoj oilalarga berilishi ham nazarda tutilgan.
Shu kuni Guliston shahridagi “Navro`z” to`yxonasida 31 nafar nogiron va ehtiyojmand fuqaroga arzonlashtirilgan yangi uylarning boshlang`ich badali Prezidentimiz tomonidan to`langani to`g`risidagi sertifikatlar topshirildi. 34 fuqaroga nogironlar aravachasi, eshitish moslamasi va boshqa vositalar berildi.
Bir piyola choy ustida tashkil etilgan tadbirga san`atkorlarning Vatan, mustaqillik, mehr-saxovat, sevgi va sadoqatni tarannum etuvchi kuy-qo`shiqlari o`zgacha zavq bag`ishladi.
Tadbirlarda Sirdaryo viloyati hokimi G`.Mirzaev so`zga chiqdi.






