AsosiyJamiyat

Byudjet kodeksi 2014 yildan eksperiment tariqasida amalga kiritilishi taklif etildi

Kuni kecha O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo`mitasining kengaytirilgan yig`ilishida Vazirlar Mahkamasi taqdim etgan 2014 yilga mo`ljallangan “Byudjetnoma” – O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti loyihasi va soliq-byudjet siyosatining asosiy yo`nalishlari [url=http://parliament.gov.uz/uz/events/committee/9867]ko`rib chiqildi. 

Unda deputatlar, bir qator vazirlik va idoralarning hamda banklarning rahbarlari hamda OAV vakillari ishtirok etdilar. Majlisda mamlakat bosh moliyaviy xujjati – 2014 yilga mo`ljallangan Davlat byudjetining loyihasi muhokama etildi.

2014 yil uchun soliq-byudjet siyosatini takomillashtirish bo`yicha taklif etilayotgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida Davlat byudjeti daromadlari yalpi ichki mahsulotga nisbatan 21 foizni, xarajatlari 22 foizni va taqchilligi bir foizni tashkil etishi ko`zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, davlat moliyasini boshqarishning huquqiy asoslarini yanada mukammallashtirish, byudjetdan ajratilgan mablag`lardan foydalanish samaradorligini va davlat xizmatlarini ko`rsatish sifatini oshirish maqsadida 2014 yil 1 yanvardan boshlab Byudjet kodeksini eksperiment tariqasida 2014-2015 yillar davomida sinov sharti bilan amalga kiritish taklif etilmoqda, ushbu davrda unga zarur o`zgartish va qo`shimchalar kiritiladi.

Byudjet kodeksini amalga kiritishdan maqsad amaliyotda mavjud ziddiyatlarni va eskirib qolgan me`yorlarni bartaraf etish hamda amaliyotda qo`llanilayotgan normativlarni, byudjet jarayoni qatnashchilarining vakolatlarini tizimlashtirishga imkon yaratadigan yagona va to`liq qonun xujjatda barcha byudjet jarayonini tizimli aks ettirishdir.

2014 yil uchun mo`ljallangan byudjet siyosati konsepsiyasida asosiy e`tibor byudjet harajatlarining ijtimoiy yo`naltirilganligini kuchaytirishga, aholini manzilli ijtimoiy qo`llab-quvvatlash va byudjet muassasalari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdorlarini oshirish evaziga aholi farovonligini izchil yuksaltirishga qaratilgan.

Ijtimoiy xarajatlarda muhim o`rin tutuvchi ta`lim sohasiga ajratilayotgan mablag`lar YaIMga nisbatan joriy yilda kutilayotgan 7,6 foiz o`rniga 2014 yilda 7,8 foizni, sog`liqni saqlash tizimida ushbu yilda kutilayotgan 3,2 foiz o`rniga 3,3 foizni tashkil etib, barkamol va sog`lom avlodni shakllantirish hamda sog`liqni saqlash tizimini isloh qilish bo`yicha qabul qilingan dasturlarda nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirishni to`la ta`minlash imkoniyatini beradi.

Muhokamalarda deputatlar 2014 yilga soliq-byudjet siyosati konsepsiyasida va Davlat byudjeti loyihasida mamlakatni barqaror iqtisodiy o`stirishning muhim omili sifatida ichki talabni rag`batlantirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar majmui amalga oshirilishi ko`zda tutilayotganligini alohida e`tirof etdilar.

Shu bilan birga yig`ilishda mahalliy byudjetlarning daromad bazasini kengaytirish hamda hududlarda resurslardan samarali foydalanishni ta`minlashga, mahalliy hokimiyat organlarining mustaqilligini va manfaatdorligini oshirishga yo`naltirilgan chora-tadbirlar ko`zda tutilayotganligi ta`kidlanib, 2014 yilgi Byudjetnomaning soliq-byudjet siyosati konsepsiyasida belgilangan chora-tadbirlar va Davlat byudjeti loyihasida ko`zda tutilgan asosiy parametrlar mamlakatimizni barqaror rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilayotganligiga alohida e`tibor qaratildi.

    Boshqa yangiliklar