AsosiyJamiyat

Singapur Respublikasi delegasiyasi O`zbekistonga tashrif buyurdi

Mamlakatimizga tashrif buyurgan Singapur Respublikasi Bosh vaziri idorasidagi vazir, tashqi ishlar bo`yicha ikkinchi vazir, atrof-muhit va suv resurslari bo`yicha ikkinchi vazir Greys Fu  rahbarligidagi delegasiya 24 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida muzokara o`tkazdi. Ikki davlat o`rtasidagi hamkorlik siyosiy, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda izchil taraqqiy etmoqda, deb xabar beradi O`zA. Mamlakatimizda singapurlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tuzilgan 32 korxona faoliyat yuritmoqda. Ular energetika, engil sanoat, oziq-ovqat, elektron mahsulotlar ishlab chiqarish kabi sohalarga ixtisoslashgan. Fan va ta`lim muassasalari o`rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Uchrashuvda mamlakatlarimiz BMT va boshqa qator nufuzli xalqaro siyosiy va moliyaviy institutlar doirasida faol hamkorlik qilib kelayotgani qayd etildi. O`zbekiston bilan Singapur o`rtasidagi aloqalarning bugungi ahvoli va istiqboli, idoralararo munosabatlarni kengaytirish, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi. Kelgusida o`zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sarmoyaviy sohadagi aloqalarni  kengaytirish, ilg`or texnologiyalarni joriy etgan holda qator qo`shma loyihalarni amalga oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta`kidlandi. Singapur delegasiyasi mamlakatimizning qator vazirlik va idoralarida o`zaro hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan muzokaralar o`tkazadi. 

    Boshqa yangiliklar