AQSh 6 aprel kuni kechqurun go`yoki Suriya hukumatining Idlib viloyatida kimyoviy qurolni ishga solganiga javoban Suriya aviabazasiga o`nlab qanotli raketalarni uchirdi, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.
O`rta Er dengizida AQShga tegishli ikkita harbiy kema kamida 50 marotaba “Tomagavk” raketasini uchirdi. Pentagonning fikricha, maqsad hukumat qo`shinlari reyd o`tkazgan, Suriyaning g`arbida joylashgan Xoms viloyatidagi Shayrat aerodromiga aviazarba berish bo`ldi. Hozircha qurbon bo`lganlar haqida ma`lumot yo`q. Amaldorlarning aytishicha, aviazarbadan ko`zlangan maqsad odam o`ldirish emas, balki mazkur hudud infrastrukturasiga, aviasiyaga, uchish-qo`nish maydoniga zarar etkazish bo`lgan.
“Suriya rejimiga tegishli aerodromga bir zarba bilan o`nlab “Tomagavk” raketalaridan zarba berildi, – deb ma`lumot berdi Pentagon vakillaridan biri.
AQSh hukumatining taxminiga ko`ra, Suriya hukumati mazkur aerodromdan taqiqlangan kimyoviy qurolni uchirgan. Shu bilan birga AQSh hukumati aviazarba berilayotgani haqida oldindan Rossiyaga xabar bermay, bu haqda boshqa mamlakatlarni ogohlantirgan. AQSh prezidenti Donald Tramp Kongressning bir necha a`zosiga Idlibga qilingan kimyoviy hujum uchun Suriyaga nisbatan harbiy chora ko`rishi haqida ma`lum qilgan. Tramp bu masalani Suriyaga qanotli raketalar bilan zarba berishni taklif qilgan mudofaa vaziri Jeyms Mettis bilan muhokama qilgan.






