O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida “Jamoatchilik fikri – O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “O`zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo`yicha Harakatlar strategiyasi to`g`risida”gi farmoni ustuvor yo`nalishlarini amalga oshirishning muhim mexanizmi” mavzuida seminar tashkil etildi, deya xabar beradi “Jahon” AA.
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o`rganish markazi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirga sosiologiya va huquq sohasida ishlovchi mutaxassis-olimlar, oliy o`quv yurtlarining o`qituvchilari, talabalar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, siyosiy partiyalar faollari, jurnalistlar taklif etildi.
Markaz tomonidan Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi bo`yicha jamoatchilik so`rovi o`tkazildi. Bu haqda markaz bo`lim boshlig`i N.Rahimova ma`lum qildi.
Aholidan olingan fikrlar tahliliga ko`ra, mazkur hujjat mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini ta`minlash, davlat va jamiyatni har tomonlama rivojlantirish, mamlakatni modernizasiyalash va jamiyat hayotining barcha sohalarini erkinlashtirishga xizmat qiladi. So`rovda respondentlarning 79,9 foizi ushbu farmon mazmun-mohiyatini yaxshi bilishini, 83,5 foizi uni o`z vaqtida qabul qilingan hujjat deb hisoblashini bildirgan.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi bo`yicha sosiologik so`rov natijalari taqdim etildi, mavzu doirasida ma`ruzalar tinglandi.






