Eldor Adilov sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlanishi ortidan vazirlik rahbariyati to‘liq yangilandi. Prezident bu bo‘yicha tegishli qarorni imzoladi.
Qarorga muvofiq, Otabek Sunnatovich Imomov sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Jaloliddin Sharafutdinovich Asamutdinov esa vazirning komplaens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.
Shuningdek, Adham Yusupovich Xudaykulov, Sherzod Dilmuratovich Muhamedov hamda Ilhomjon O‘rinboy o‘g‘li Umrzaqov sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosarlari lavozimiga tayinlandi. Qayd etilishicha, Ilhomjon Umrzaqov ushbu tayinlov munosabati bilan iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari — Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish departamenti direktori lavozimidan ozod etildi.
Bundan tashqari, Alisher Shukrullayevich Boboyev sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan, Elmira Irkinovna Basitxanova va Farhodjon Muhammadjonovich Toshpulatov esa vazir o‘rinbosari lavozimlaridan boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan ozod etildi.
Eslatib o‘tamiz, prezident farmoniga ko‘ra, Asilbek Xudayarov 5 may kuni boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan sog‘liqni saqlash vaziri lavozimidan ozod etilgan edi.






