AsosiySiyosat

Mirziyoyev Koreya delegatsiyasini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Osiyo taraqqiyot banki yig‘ilishi doirasida Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Ku Yun Chxol boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokara o‘tkazdi.

'Mirziyoyev Koreya delegatsiyasini qabul qildi'ning rasmi

Uchrashuvda O'zbekiston va Janubiy Koreya o'rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko'rib chiqildi. Yuqori martabali mehmon O'zbekiston rahbariga Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myonning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Qayd etilishicha, joriy yil boshidan o'zaro tovar ayirboshlash hajmi 12 foizga oshgan. Mamlakatimizda qariyb mingta qo'shma korxona faoliyat yuritmoqda, koreyalik investorlar kiritgan sarmoyalar hajmi 8 mlrd dollardan oshgan. Koreya kompaniyalari uchun maxsus sanoat zonasini tashkil etish masalalari ishlab chiqilmoqda.

Koreya Eksimbanki ishtirokidagi loyihalar portfeli 2 mlrd dollardan oshgani ta'kidlandi. Ko'p tarmoqli klinika, kimyo markazi va farmatsevtika parki qurilishi davom etmoqda. Shuningdek, Toshkent – Xiva yo'nalishida Hyundai Rotem poyezdi qatnovi boshlandi.

Tomonlar davlat moliyasini boshqarishni raqamlashtirish, yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish va kuzda Seulda o'tkazilishi rejalashtirilgan “Markaziy Osiyo – Koreya” sammitiga tayyorgarlik masalalariga alohida e'tibor qaratdi.

    Boshqa yangiliklar