O‘zbekiston prezidenti Osiyo Taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishi doirasida ACWA Power rahbari Muhammad Abunayyan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Tomonlar “yashil” energetika sohasidagi qo‘shma loyihalarni jadallashtirish va sheriklikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Qayd etilishicha, quyosh va shamol elektrostansiyalari qurilishi bo‘yicha yangi tashabbuslar belgilangan rejalar asosida amalga oshirilmoqda. Shuningdek, istiqbolli yo‘nalishlar sifatida Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishini boshlash, Farg‘ona shahrida ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi barpo etish hamda IT Park Uzbekistan hududida zamonaviy ma’lumotlar markazini ishga tushirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Saudiya investorlari O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar va yaratilgan qulay investitsiya muhitini yuqori baholab, loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.






