O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, chegara hududlarida yashovchi ayrim shaxslar, jumladan pensionerlar, afg‘on yetkazib beruvchilar bilan til biriktirib, opiy moddasini O‘zbekiston hududiga olib kirish va uni Termiz shahri hamda atrof hududlarda tarqatish bilan shug‘ullangan.
Tezkor tadbirlar davomida guruh a’zolaridan biri — keksa yoshdagi kurer qo‘lga olinib, uning yonidan narkotik modda aniqlangan. Keyinchalik uning sheriklari ham fosh etilgan va ulardan pul mablag‘lari hamda narkotik moddalar daliliy ashyo sifatida musodara qilingan.
Tergov harakatlari davomida guruh tashkilotchisiga tegishli xonadonda yirik miqdordagi narkotik zaxirasi topilgan. U yerdan umumiy og‘irligi 12 kilogrammdan ortiq bo‘lgan 12 ta o‘ram opiy va uni iste’mol qilishga mo‘ljallangan vositalar aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, barcha gumonlanuvchilar qo‘lga olingan va tergov harakatlari olib borilmoqda.






