Eron Yaqin Sharqdagi urushni to‘xtatish masalasida AQSh va Isroilga bir qator keskin shartlar ilgari surdi. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, vositachilar tomonidan muzokaralarni yo‘lga qo‘yishga urinishlar davom etmoqda, biroq tomonlar o‘rtasida jiddiy kelishmovchiliklar saqlanib qolmoqda. Asosiy masalalardan biri – Hormuz bo‘g‘ozi bo‘lib, hozirda Eron uni yopgani va ayrim kemalar hujumlarga uchrayotgani aytilmoqda.
Eron tomoni bo‘g‘oz orqali o‘tuvchi kemalardan to‘lov undirish, urush qayta boshlanmasligiga kafolat olish, "Hizbulloh"ga qarshi zarbalarni to‘xtatish, Fors ko‘rfazidagi AQSh bazalarini yopish hamda yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya to‘lashni talab qilmoqda.
AQSh esa o‘z navbatida Erondan raketa dasturini to‘xtatish, uranni boyitishdan voz kechish, mintaqaviy guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish va Hormuz bo‘g‘ozini shartsiz ochishni talab qilgan. Bu pozitsiyani AQSh prezidenti Donald Tramp ham tasdiqlagan.
Shu bilan birga, Qatar va Ummon vositachilik jarayonida faol ishtirok etmoqda, Turkiya va Pokiston ham alohida muzokaralar olib bormoqda.
Diplomatik sa’y-harakatlarga qaramay, tomonlar pozitsiyalari o‘rtasidagi farq katta bo‘lib qolmoqda va tez orada kelishuvga erishish ehtimoli past deb baholanmoqda.






