Surxondaryo viloyatining Denov tumanida giyohvandlik vositalarining yirik partiyasini sotmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, 1969 yilda tug‘ilgan shaxs 8 kg giyohvandlik vositasini 150 ming AQSH dollariga sotishga urinib, tezkor tadbir davomida ushlangan. Surishtiruvlar jarayonida u mazkur moddalarni 1971 yilda tug‘ilgan tanishidan olgani ma’lum bo‘lgan va u ham qo‘lga olingan.
Tadbirlar davom ettirilib, giyohvandlik vositalarining asl manbai sifatida gumon qilingan yana bir 1971 yilda tug‘ilgan shaxs ham prosessual tartibda ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.






