Yig‘ilishda tarmoqni “maqsad – harakat – natija” tamoyili asosida rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilda kimyo mahsulotlari eksportini 720 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarishni 1 million 120 ming tonnaga, fosforli o‘g‘itlarni 135 ming tonnaga va kaliyli o‘g‘itlarni 222 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Taqdimotda 9,5 milliard dollarlik 133 ta loyiha doirasida 2,5 milliard dollar investitsiya jalb qilish, shuningdek 24 ta strategik loyiha orqali 7 ta yangi ishlab chiqarish quvvatini ishga tushirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Prezident ayrim loyihalarda muddatlar cho‘zilayotganini tanqid qilib, ularni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Xususan, Qo‘ng‘irot soda zavodi, Samarqandkimyo, Dehqonobod kaliy zavodi, Ammofos-Maxam, Farg‘onaazot va Navoiyazotdagi loyihalarning amalga oshirilishi alohida muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zkimyosanoat tizimida raqamlashtirishni kuchaytirish, ERP tizimini keng joriy etish va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish rejalari ko‘rib chiqildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, energiya va xomashyo sarfini kamaytirish orqali mahsulot tannarxini 10–15 foizgacha pasaytirish maqsad qilingan.






