O‘zbekistonda Amudaryo va Sirdaryoda 11 martdan 31 maygacha, Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatidagi tabiiy suv havzalarida esa 26 apreldan 10 iyungacha baliq ovlashga taqiq o‘rnatildi.
Boshqa barcha tabiiy suv havzalarida 16 apreldan 31 maygacha baliq ovlash mumkin emas.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining ma’lumoticha, ushbu choralar baliqlarning ko‘payish davrida sonining keskin kamayishini va ayrim turlarning yo‘qolish xavfini oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Qaror sun’iy suv havzalari, irrigatsiya tarmoqlaridagi intensiv texnologiyalar asosida baliq yetishtirish va qafaslardagi akvakulturaga tatbiq etilmaydi. Taqiqlangan muddat va hududlarda baliq ovlash ma’muriy va jinoyiy javobgarlikka olib kelishi mumkin.






