Amerika Qoʻshma Shtatlari Isroildan Erondagi energetika obʼyektlari, xususan neft infratuzilmasiga zarbalarni toʻxtatishni yuqori siyosiy darajada soʻragani maʼlum boʻldi. Bu haqda manbalarga tayanib Axios xabar berdi.
Maʼlumotlarga koʻra, 7 mart kuni Isroil aviatsiyasi Tehron hamda unga yaqin Karaj shahridagi neft omborlariga zarbalar bergan. Natijada Eron poytaxtida neft bazalarida yuzaga kelgan yongʻinlar oqibatida havoga koʻtarilgan ifloslantiruvchi zarracha sabab "qora yomgʻir" kuzatilgan.
Isroil rasmiylaridan birining aytishicha, Donald Trump maʼmuriyati Isroildan Eronning neft obʼyektlariga rejalashtirilayotgan har qanday hujum haqida oldindan ogohlantirishni ham soʻragan. AQSh bunga bir necha sababni keltirgan: bunday zarbalar Eron fuqarolariga zarar yetkazishi, urushdan keyin Eron neft sektori bilan hamkorlik qilish rejalari hamda bu harakatlar Tehron tomonidan Fors koʻrfazi davlatlarining energetika infratuzilmasiga javob hujumlarini keltirib chiqarishi mumkinligi.
Axios taʼkidlashicha, mojaro boshlangandan beri AQSh ilk bor Isroil harbiy harakatlarini cheklashga urinmoqda. Shuningdek, Vashington Eron neft obʼyektlariga yangi zarbalar jahon neft narxining keskin oshishiga olib kelishidan xavotir bildirmoqda.






