Tadbirkor Ilon Mask ketma-ket ikkinchi yil "Forbes" talqini bo‘yicha dunyoning eng boy odamlari yillik reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda "Forbes"ning rasmiy saytida e’lon qilindi.
Tesla, SpaceX asoschisi va X ijtimoiy tarmog‘i egasining sarmoyasi 839 milliard dollarga yetdi. Mask fevral oyi boshida SpaceX kompaniyasining o‘z xAI startapi bilan birlashishidan so‘ng, boyligi 800 milliard dollarlik dovondan oshgan ilk insonga aylandi.
Liderning ikkinchi o‘rindagi Google hammuassisi Larri Peyj (257 mlrd dollar) bilan orasidagi farq 500 milliard dollardan oshadi. Reytingda uchinchi o‘rinni Google‘ning yana bir asoschisi — Sergey Brin 237 milliard dollar boylik bilan egalladi.
Undan keyingi o‘rinlarda Amazon asoschisi Jeff Bezos (224 mlrd dollar) va kuchli beshligini Meta egasi Mark Tsukerberg 222 milliard dollar bilan yakunlab bergan.
"O‘tgan yil davomida aholi farovonligi misli ko‘rilmagan darajada o‘sdi, chunki boylar hayratlanarli tezlikda yanada boyishda davom etmoqda. Bu yilgi ro‘yxatda 3428 nafar milliarder qayd etildi, bu o‘tgan yilgiga nisbatan 400 kishiga ko‘p va 1987 yilda ro‘yxat tuzila boshlanganidan beri rekord ko‘rsatkichdir", deyiladi materialda.
Dunyoning eng boy odamlari jami bo‘lib rekord darajadagi 20,1 trillion dollarga egalik qilmoqda (bir yil oldin 16,1 trln dollar edi). Reytingdagi birinchi o‘ntalikning umumiy boyligi 2,6 trillion dollarga baholanmoqda. Bundan tashqari, boyligi 100 milliard dollardan oshadigan insonlar soni ham rekord darajaga – 20 nafarga yetdi.
Bu yilgi "Forbes" milliarderlari reytingiga 390 nafar yangi ishtirokchi kirdi, ular orasida Maskning akasi Kimbal, repyor va prodyuser Dr.Dre (Andre Yang), xonanda Beyonse Noules-Karter va tennischi Roger Federer bor. Ro‘yxatdan 89 kishi, xususan, NASA rahbari Jared Ayzekman chiqarib tashlandi.
Mask sarmoyasining jadal o‘sishiga asosiy driver sifatida uning qiymati 250 milliard dollargacha ko‘tarilgan xAI startapiga kiritilgan investitsiyalar hamda SpaceX muvaffaqiyatlari xizmat qildi. Oxirgisi 2026 yildayoq aksiyalarini birlamchi omma joylashtirishga (IPO) tayyorgarlik ko‘rmoqda, bunda kompaniya 1,5 trillion dollardan ko‘proqqa baholanishi mumkin. Bu tarixdagi eng yirik IPO bo‘ladi va tadbirkorning boyligini yanada oshiradi.
Tahlilchilarning prognoz qilishicha, agar SpaceX IPO‘si muvaffaqiyatli o‘tsa va uning kompaniyalari hozirgi o‘sish sur’atini saqlab qolsa, Mask tarixdagi ilk 1 trillion dollarlik sarmoyaga ega insonga aylanishi mumkin. "Forbes" o‘ntaligidan asosan texnologiya sektori vakillari joy olgan bo‘lib, o‘n nafar milliarderdan sakkiz nafari AQSh fuqarosidir.
Mask sarmoyasining o‘sishi texnologik bozordagi beqarorlik fonida yuz bermoqda. Dunyoning o‘nta eng boy odamlaridan olti nafari fevral oyida o‘z kompaniyalari aksiyalari kursi tushishi ortidan boyligining bir qismini yo‘qotdi. Eng katta yo‘qotishlarni Jeff Bezos (minus 260 mlrd dollar), Mark Tsukerberg (minus 230 mlrd dollar) va Oracle asoschisi Larri Ellison (minus 210 mlrd dollar) ko‘rdi.






