Davos shahriga amaliy tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev "BlackRock" kompaniyasi direktorlar kengashi aʼzosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesi bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ushbu yetakchi kompaniya bilan investitsion hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari va avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, "Blackrock" kompaniyasining O‘zbekistondagi ustuvor loyihalarda ishtirok etish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar, shuningdek, kompaniyaning O‘zbekistonning qator korxonalari kapitaliga kirish, qo‘shma investitsiyalar mexanizmlarini shakllantirish, shuningdek, mamlakatning investitsiya muhitini yaxshilash uchun xalqaro ekspertizani jalb qilish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladilar.
Eslatib o‘tamiz, BlackRock aktivlarni boshqarish bo‘yicha dunyodagi eng yirik investitsiya kompaniyasi hisoblanadi. U aksiyalar, obligatsiyalar, ko‘chmas mulk va infratuzilmaga sarmoya kiritish orqali davlatlar, pensiya jamg‘armalari, banklar va xususiy investorlarning trillionlab dollarini boshqaradi. BlackRock, shuningdek, butun dunyo bo‘ylab moliya institutlari foydalanadigan Aladdin tahliyiy platformasi bilan mashhur.






