Toshkent shahar IIBB ma’lumotiga ko‘ra, Taftish.uz sayti bilan bog‘liq to‘rt nafar shaxs tovlamachilik va firibgarlikda gumonlanib ushlangan.
Bugun, 16 yanvar kuni “Taftish.uz” ommaviy axborot vositasiining to‘rt nafar xodimi tovlamachilik va firibgarlikda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) va 168-moddasi (firibgarlik)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib, 1988 yilda tug‘ilgan G‘ayrat Aberayev hamda “Taftish.uz” xodimlari — 1992 yilda tug‘ilgan Azizjon Yuldashev, 2000 yilda tug‘ilgan Sardor Hamidov, 2006 yilda tug‘ilgan Marjona Eshquvvatova va 1998 yilda tug‘ilgan Dilshod Nishonov protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda ularning qo‘shimcha ravishda Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) va 244-6-moddasi (yolg‘on axborot tarqatish) bilan bog‘liq jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.
Shu bilan birga, “Taftish.uz” ommaviy axborot vositasi yopilgani haqidagi xabarlar asossiz ekani, nashr o‘z kundalik faoliyatini davom ettiratgani ma’lum qilindi. Holat yuzasidan qo‘shimcha axborot berilishi aytilgan.






