Prezidentning "Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish"ga oid qaroriga ko‘ra, 2026 yil 1 aprelgacha barcha vazirlik va idoralarda "Kitob burchagi" tashkil etilib, xodimlar uchun har oy "Kitob o‘qish soati" joriy qilinadi. Shuningdek, kitobxonlik bo‘yicha ichki reyting tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Tanlov asosida eng ko‘p kitob mutolaa qilgan xodimlar bir oylik maosh miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Bundan tashqari, o‘quvchi va talabalar orasida eng faol 100 nafar kitobxonga BHMning 25 baravari — 10,3 million so‘m mukofot berilishi belgilangan.
Qaror bilan Yoshlar ishlari agentligi huzurida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi, maktablarda esa "Jadidlar izidan" kitobxonlik klublari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.






