Prezident Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosat va diplomatik vakolatxonalar faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilishda AQShdagi mavsumiy ishchilar dasturi doirasida O‘zbekiston fuqarolari uchun yangi imkoniyatlar yaratish zarurligini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yili AQSh hukumat qishloq xo‘jaligi sohasida ishlovchi mavsumiy ishchilar uchun maxsus vizalar berish tartibini soddalashtirgan. Shu munosabat bilan O‘zbekistonning AQShdagi elchisiga mamlakatni mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha muzokaralar olib borish topshirildi. Bu kelgusida o‘zbekistonliklarning AQShda qonuniy va tashkil etilgan tarzda ishlashiga xizmat qilishi mumkin.
Shuningdek, bundan buyon har bir viloyat hokimi ishchi kuchiga ehtiyoj sezayotgan rivojlangan davlatlar hududlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi kerakligi aytildi. Bu mehnat migratsiyasini aniq ehtiyoj va real buyurtmalar asosida tashkil etishga qaratilgan.
Prezidentga ko‘ra, endilikda elchilar xorijda yuqori daromadli ish o‘rinlarini topish, fuqarolarni zarur kasblar va xorijiy tillarga o‘qitish jarayonlariga ham mas’ul bo‘ladi. Shuningdek, Yaponiya, Shvetsiya, Norvegiya, Bolgariya, Avstriya, Xorvatiya, Sloveniya, Serbiya, Gretsiya va Ummon bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha hukumatlararo va idoralararo bitimlar imzolash muhimligi qayd etildi.
Yig‘ilishda 2017 yildan buyon xorijiy davlatlarda 16 ta yangi diplomatik va konsullik vakolatxonalari ochilgani, ularning umumiy soni 60 taga yetgani, diplomatik aloqalar o‘rnatilgan mamlakatlar soni esa 165 taga chiqqani ham ma’lum qilindi.






