Tadqiqot doirasida 50 yoshdan katta bo‘lgan 3 600 nafardan ortiq kishi 12 yil davomida kuzatildi. Mutaxassislar ishtirokchilardan haftasiga qancha vaqt kitob o‘qishini so‘rab, bu ko‘rsatkichlarni ularning salomatligi va umr davomiyligi bilan solishtirdi.
Natijalarga ko‘ra, haftasiga kamida 3–3,5 soat, ya’ni kuniga o‘rtacha yarim soat kitob mutolaa qilganlarda o‘lim ko‘rsatkichi umuman kitob o‘qimaganlarga nisbatan qariyb 20 foizga past bo‘lgan.
Qizigi shundaki, bunday ijobiy ta’sir gazeta yoki jurnal o‘qishda deyarli kuzatilmagan. Tadqiqotchilar bunga sabab sifatida kitob o‘qish jarayoni ko‘proq fikrlash, tasavvur qilish va diqqatni jamlashni talab qilishini, bu esa miya faoliyatini uzoq muddat davomida faollashtirib turishini qayd etgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kitob mutolaasi umrni uzaytirishga kafolat bermasa-da, stressni kamaytirish, aqliy faollikni saqlash va umumiy salomatlikni yaxshilash orqali uzoq umr ko‘rish ehtimolini oshiruvchi muhim omillardan biri hisoblanadi.






