Turkiyaning Adiyaman viloyatidagi Atatürk to‘g‘oni suv ostidan 12 ming yil avval yaratilgan deb taxmin qilinayotgan qadimiy qoyatosh rasmlari topildi. Bu haqda “Arkeonews” jurnali xabar berdi.
Topilma kech paleolit yoki ilk neolit davriga oid bo‘lishi mumkin. Tasvirlar sakkiz yil avval mahalliy baliqchilar tomonidan ilk bor ko‘rilgan — o‘sha paytda qurg‘oqchilik sabab suv sathi keskin tushib ketgan va qadimiy tosh yuzasi ochilgan. Joriy yilda suv yana ko‘tarilgach, Adiyaman muzeyi mutaxassislari suvosti tadqiqotlari o‘tkazib, yodgorlik holatini o‘rganishgan.
Muzey direktori Mehmet Alkannning aytishicha, suv ostida ko‘rish imkoniyati juda cheklangan bo‘lsa-da, tadqiqotchilar maxsus kamera yordamida ayrim qismlarning yirik rejali tasvirlarini olishga muvaffaq bo‘lgan. “Yuzani hozircha midiya chig‘anoqlari qoplab olgan, shuning uchun aniq tasvir olish qiyin. Yaqin oylarda joyni tozalab, batafsil hujjatlashtiramiz va keyinchalik muzey uchun nusxasini yaratamiz”, dedi u.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ayrim tasvirlar paleolit davrining oxiri yoki neolitning boshlariga to‘g‘ri keladi. Taxminan sakkiz metr uzunlikdagi va 70 santimetr balandlikdagi paneldada insonlar va hayvonlar ishtirokidagi dinamik ov sahnaasi tasvirlangan.
Aniqlangan figuralar orasida tog‘ echkilari, otlar, bo‘rilar, tulkilar va laylaklar bor bo‘lib, ular o‘ziga xos uslubda ishlangan. Arxeologlarning fikricha, bu kompozitsiya yozuv paydo bo‘lishidan avvalgi ramziy ifoda usullaridan biri sifatida ov manzarasini yoki jamoaaviy hikoyani aks ettirradi.
Atatürk to‘g‘oni XX asr oxirida qurilgan bo‘lib, ilgari bu hudud ochiq osmon ostidagi qadimiy ibodatxonalar va g‘orlar bilan boy tarixiy manzaraga kirgan. Shunga o‘xshash qoyatosh o‘ymalari Batman, Shanliurfa va Mardin viloyatlarida ham duch kelinadi — bu esa Yuqori Mesopotamiyadagi madaniy uzviylikni ko‘rsatadi.
Mutaxassislar topilmani raqamli tarzda qayd etish zarurligini ta’kidlashmoqda: 3D skaner va fotogrammetriya texnologiyalari yordamida bu tasvirlarni virtual shaklda qayta tiklash va kelajak tadqiqotlari uchun saqlab qolish rejalashtirilmoqda.