The Wall Street Journal'ning yozishicha, AQSh delegatsiyasini endi Davlat kotibi Marko Rubio boshqaradi. U Trumpning maxsus elchisi Stiv Uitkoff o‘rnini egallaydi. Bu qarorni Ukraina va Yevropa rasmiylari ijobiy qabul qilgan.
Trump jamoasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan kutilayotgan uchrashuvni diplomatik jihatdan yanada kuchli tayyorgarlik bilan o‘tkazishni maqsad qilgan. Avgust oyida Alyaskada bo‘lib o‘tgan ilk sammit katta natija bermagan va "Moskova foydasiga yakunlangan" deb baholangan edi.
16 oktyabr kuni Trump Putin bilan ikki soat suhbatlashib, Budapeshtda yangi uchrashuv o‘tkazishga kelishganini bildirdi. Shu hafta ikki davlat delegatsiyalari sammitga tayyorgarlik bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi.
Shuningdek, Oq uy Kongress a'zolari bilan birgalikda Rossiyaga qarshi yangi sanktsiyalar vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha qonun loyihasini tayyorlamoqda. Hujjat keyingi 30 kun ichida ovozga qo‘yilishi mumkin.