Joriy yilning 10 oktyabr kuni kechqurun Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida yong‘in hodisasi ro‘y berdi. Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, “Lacetti” rusumli avtomobil Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida harakatlanib ketayotgan vaqtda yonib ketgan.
Ma’lum qilinishicha, xabar olingach, yong‘in-qutqaruv xizmati navbatchi guruhi voqea joyiga zudlik bilan etib borib, olovning tarqalishiga yo‘l qo‘ymagan. Yong‘in soat 20:18 da boshlangan bo‘lsa, 20:28 da to‘liq bartaraf etilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q. Ayni paytda mutaxassislar tomonidan yong‘inning kelib chiqish sabablari bo‘yicha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.