O‘zbekistonlik mohir aktyor, rejissyor, hazviy qo‘shiqlar va so‘z ustasi Sherqo‘zi G‘oziyev 75 yoshida vafot etdi. Bu haqda bugun, 26 sentyabr kuni Madaniyat vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Sherqo‘zi G‘oziyev 1950 yilning 8 may kuni Farg‘ona viloyati Buvayda tumani Chirkay qishlog‘ida tavallud topgan. Toshkent politexnika institutining qurilish fakultetini tamomlagan.
1971 yilda Yo‘ldosh Oxunboboyev nomidagi Yosh tomoshabinlar teatriga aktyor sifatida ishga taklif etilgan. Shu yili Ostrovskiy nomli institutining aktyorlik bo‘limiga sirtdan o‘qishga kirib, 1976 yilida muvaffaqiyatli tugatgan. 1970 yildan “Teleminiatyuralar teatri”da rollar ijro etishni boshlagan. San’atga qiziqish uni O‘zbek davlat filarmoniyasiga yetaklagan va 1978 yildan filarmoniyada ishlay boshlagan.
1990 yilda O‘zbekiston va Hindiston hamkorligida suratga olingan “Changalzor qirg‘oni” filmida zootexnik rolini ijro etgan. Shundan so‘ng, 1992 yildan “Sherxan” studiyasini ochib, hindlar bilan hamkorlikda 2006 yilda “Sherxan traktorchi” kinokomediyasi, 2008 yilda “Yolg‘iz emassan” melodrama filmlarini tasvirga olgan.