"Tolibon" hukumat Afgʻoniston oliy taʼlim tizimida ayollar muallifligidagi kitoblarni darslik sifatida foydalanishni taqiqladi. Bunda inson huquqlari va jinsiy zoʻravonlik haqida dars berishni man qilish ham koʻzda tutilgan. Bu haqda BBC xabar berdi.
Xabarga koʻra, jami 680 ta kitob shariat va "Tolibon" siyosatiga zid deb topilgan, ularning 140 tasi ayollar tomonidan yozilgan. Hatto "Kimyo laboratoriyasida xavfsizlik" kabi ilmiy-uslubiy qoʻllanmalar ham bu roʻyxatdan joy olgan.
Shuningdek, universitetlarga 18 ta fanni oʻqitish taqiqlanganini bildirilmoqda. Man qilingan fanlarning 6 tasi aynan ayollar haqida: ular orasida "Gender va taraqqiyot", "Ayollarning kommunikatsiyadagi roli" va "Ayollar sotsiologiyasi" kabilar bor. Kitoblarni koʻrib chiqish boʻyicha tuzilgan qoʻmita aʼzosi ayollar yozgan barcha kitoblar darslik sifatida foydalanilmasligini tasdiqlagan.
Adliya vazirining sobiq oʻrinbosari, taqiqlangan kitoblar mualliflaridan biri boʻlgan Zakiya Adeli bu qardan ajalbanmaganini bildirgan. "Tolibon soʻnggi 4 yil ichida qilgan ishlarini inobatga olsak, oʻquv dasturiga bunday oʻzgartirishlar kiritilishi ajablanarli emas. Ayollarning oʻzi oʻqishga qoʻyilmasa, ularning fikrlari, qarashlari va yozganlari ham inobatga olinmaydi",— deydi u.
BBCga koʻra, yangi tartiblar avgust oyi oxirida eʼlon qilingan. Afgʻoniston Oliy taʼlim vazirligi akademik ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari Ziyorurrahmon Aryobiy universitetlarga yuborgan maktubida bu qarorlar diniy ulamolar va mutaxassislar hayʼati tomonidan qabul qilinganini bildirgan.