Toshkent shahar IIBBning bergan tushuntirishlariga ko‘ra, yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan poytaxtga kelayotgan talabalarni aldash holatlari ko‘paymoqda. Bunday holatlar ko‘pincha internetda firibgarlar tomonidan sodir etiladi. Ya’ni ular arzon ijara uy e’lonlarini internetga joylashtirib, o‘zlarini uy egasi sifatida ko‘rsatadi.
Buning oqibatida talabalar va ularning yaqinlari firibgarlar taklif qilayotgan uyni saqlab qo‘yish yoki 2 oylik ijara to‘lovini oldindan to‘lash shartiga rozi bo‘ladi. Ammo to‘lov amalga oshirilgach, ular aloqani uzib, ijtimoiy tarmoqlarda talabalar hamda ularning yaqinlarini bloklaydi.
IIBB yuqoridagi holatlarning oldini olish uchun ota-onalar va talabalardan shaxsiy ma’lumotlarini hech kimga bermaslik, uyni ko‘rmasdan va ijara shartnomasi tuzmasdan turib to‘lov qilmaslikni tavsiya berdi.