Germaniyaning Shtutgart shahrida o‘tgan san'at asarlari auktsionida Pablos Pikassoning ikki dona soxta gravyurasi sotildi. Ulardan biri Vorms shahridagi art-diler tomonidan xarid qilingan bo‘lib, allaqachon tergovchilar tomonidan olib qo‘yilgan. Ikkinchisini avstriyalik kolleksioner sotib olgan.
Mazkur ish yuzasidan tergov olib borayotgan huquq-tartibot idoralari aybdor sifatida Italiyaning fuqarosi bo‘lgan erkakni gumon qilmoqda. U yillar davomida Pikassoning “Suite Vollard” nomli 100 ta ofortdan iborat mashhur grafik to‘plamiga mansub asarlarni soxtalashtirib, xalqaro san'at bozorida sotgan.
Politsiya va Myunsterdagi Pikasso muzeyi hamkorligida yana ikki dona qalbaki asar auktsionga chiqmasdan oldin musodara qilingan. Tergov ishlari davom etmoqda.