Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hali hokimiyat tepasiga kelmasdan avval, 1994-yilda Qrim, Sharqiy Ukraina hamda Shimoliy Qozog‘iston hududlarini Rossiyaning ajralmas qismi deb atagan. Bu haqda Germaniya Tashqi ishlar vazirligi arxiv hujjatlariga tayanib, Germaniyaning mashhur Der Spiegel jurnali xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 1994-yilning birinchi yarmida tuzilgan hujjatlarda Germaniyaning Sankt-Peterburgdagi bosh konsuli Eberxard fon Puttkamer tomonidan yozilgan eslatma mavjud. Unda Putinning quyidagi so‘zlari keltiriladi:
“Qrim, Sharqiy Ukraina va Shimoliy Qozog‘iston — eng kamida mana shu hududlar — Rossiya uchun hech qachon chet el bo‘lmagan, ular doimo Rossiyaning tarkibiy qismi bo‘lgan. Hech bir rus bu yerlar qanday qilib boshqa davlatga aylanganini tushunolmaydi”, – deya iqtibos keltiradi germaniyalik diplomat.
Putin, shuningdek, ruslarning milliy hissiyotlari haqida gapirib, G‘arb mamlakatlari Rossiyaning harakatlarini “imperializmning qaytishi” deb baholayotgan bo‘lsa-da, bu ularning noto‘g‘ri axborotga asoslanganini bildirgan.
“Bu oddiygina Rossiyaning o‘z manfaatlarini o‘zga nuqtayi nazardan anglashidir, xolos. Buni G‘arb tushunmayapti”, — degan edi Putin, diplomatning yozishicha.
Eslatib o‘tamiz, 1994-yilda Putin Sankt-Peterburg shahar hokimligida, mer Anatoliy Sobchak rahbarligida muhim lavozimlarda ishlagan. Sobchak G‘arb bilan iliq aloqalarni yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa-da, Ukraina hukumatini millatchilikda ayblagan va Qrim Rossiyaga qarashli bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan edi.
Ma’lumot uchun, Germaniyaning sobiq bosh konsuli Eberxard fon Puttkamer 2019-yilda vafot etgan.