AQSH prezidenti Donald Tramp 1-avgustdan Hindistondan import qilinadigan mahsulotlarga 25 foizlik boj joriy qilinishini, shuningdek, Dehlini Rossiya bilan qurol va energetika savdosi uchun qo‘shimcha “jarima” kutayotganini e’lon qildi.
Tramp Hindistonning Rossiyadan qurol va neft xarid qilishini tanqid qilar ekan, “barcha Ukraina urushini to‘xtatishni istayotganda bu noto‘g‘ri” deya bayonot berdi. AQSH Hindiston bilan savdo kelishuviga erishishni istasa-da, asosiy kelishmovchiliklar qishloq xo‘jaligi va ichki bozorni himoya qilishda davom etmoqda.
Hindiston hukumati Tramp bayonotiga javoban milliy manfaatlar, fermerlar va kichik biznes manfaatlarini himoya qilishda qat’iyligini bildirdi. Rasmiylar muzokaralar “muvaffaqiyatli davom etmoqda” deya optimistik kayfiyatda qolmoqda.