Indoneziya Prezidenti Prabovo Subiantoning mushugiga davlat tomonidan qo‘riqchi ajratilgani jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi. Prezident 9 yil avval ko‘chadan olib kelingan mushuk — Bobbini rasmiy xavfsizlik protokoliga kiritgan. Rasmiylarning ta’kidlashicha, bu “normal holat”, biroq xalq nega bunday qarorni tushunmayapti?
Bu haqda “Malay Mail” nashri xabar berdi. Unga ko‘ra, Davlat kotibi o‘rinbosari Jyuri Ardiantoro mushukning xavfsizligi endi davlat muhofazasida bo‘lishini ochiq e’lon qildi. U matbuotga bergan izohida:
“Bobbi kimniki? Davlat uni qo‘riqlay oladimi? Albatta, ha. Nega bu norozilikka sabab bo‘lishi kerak?” – degan.
Lekin bu savolga javob topa olmayotganlar ko‘p. Ijtimoiy tarmoqlarda Bobbining Jakartadagi “Mushuksevarlar kuni” festivaliga politsiya kuzatuvi ostida olib ketilayotgani aks etgan video tarqalgach, norozilik kuchaydi.
“Mushukka qo‘riqchi sifatida hamroh bo‘lganing uchun maosh olasanmi? Millat sifatida shunchalik yo‘ldan adashganmizmi?” – deya yozgan bir foydalanuvchi.
Faqat mushukmas. Davlat budjetidan mintaqaviy hayvonlar festivallari uchun ajratilayotgan yirik mablag‘lar ham jamoatchilikda e’tiroz uyg‘otmoqda. Bu orada mamlakatda ishsizlik, oziq-ovqat narxlari va sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar dolzarbligicha qolmoqda.