Yevropa parlamenti Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omil — mamlakatdagi hukumatning “avtoritar yo‘nalishi” va “adolatli saylovlarning yo‘qligi” ekanini rasman e’lon qildi. Bu haqda parlamentning rasmiy bayonoti ijtimoiy tarmoqdagi X sahifasida e’lon qilindi.
Unda qayd etilishicha, hozirgi sharoitda “Gruziyaning YEIga kirish yo‘li amalda muzlatib qo‘yilgan”. Parlament a’zolari “Gruziya xalqini qo‘llab-quvvatlashlarini” bildirgan bo‘lsa-da, “mamlakatning amaldagi hukumatini tan olmasliklarini” ta’kidlashdi.
Gruziya 2022 yil mart oyida YEIga a’zolik uchun ariza topshirgan va oradan vaqt o‘tib, nomzod maqomini olgan edi. Ammo 2024 yil yozida Yevropa Kengashi a’zolik bo‘yicha jarayonni de-fakto to‘xtatib qo‘ydi. Sabab – mamlakatda qabul qilingan “xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun” va unga qarshi bo‘lgan ommaviy noroziliklarga qaramay hukumatning bosimni kuchaytirgani.
Yevropa Ittifoqi, shuningdek, so‘nggi parlament saylovlarini “soxtalashtirilgan” deya baholagan. Mazkur saylovda hokimiyatdagi “Gruzin orzusi” partiyasi g‘alaba qozongan edi.
Bu orada, Yevropa parlamenti Gruziya hukumati YEIga intilishda jiddiy bo‘lsa, adolatli va erkin saylovlar o‘tkazishga majbur, deya eslatmoqda.