AsosiyJamiyat

Sukutda qolayotgan qichqiriq: Bog‘chalar bolalar uchun xavfsiz emasmi?

Darakchi.uz so‘ngi vaqtlarda ko‘pchilikni e’tiroziga sababchi bo‘layotgan holat yuzasidan yozilgan maqolani e’tiboringizga havola etadi.

'Sukutda qolayotgan qichqiriq: Bog‘chalar bolalar uchun xavfsiz emasmi?'ning rasmi

O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim – bolalarning hayotidagi ilk ijtimoiy makon. Bu joyda ular o‘zga insonlar bilan munosabat qurishni, tartibga bo‘ysunishni, hurmat qilishni o‘rganadi. Ammo oxirgi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda bog‘chalarda sodir bo‘layotgan hodisalar bizga bunday muassasalar nafaqat tarbiya, balki tahdid manbaiga ham aylangani haqida faryod solmoqda.

Bu faryodning eng og‘ir ohangi 2024 yil 30 iyun kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi 7-sonli davlat bog‘chasida yangradi. Besh yoshli bola nazoratsizlik oqibatida ikkinchi qavatdagi derazadan qulab tushdi. Bola ikki qo‘l bilagi, burun suyaklari va yuqori jag‘i singan holda jonlantirish bo‘limiga yotqizildi. Mutasaddilar bolakayning holati hozirda yaxshilanganini bildirgan bo‘lsa-da, bu holat sohani qamrab olgan beparvolikni yashira olmaydi.

Bu kabi voqealar yakkama-yakka emas. Oradan atigi bir kun o‘tib, 29 iyun kuni Toshkentdagi xususiy bog‘chalardan birida uch yoshli bola kaltaklangani ma’lum bo‘ldi. Tarbiyachining qo‘pol muomalasi videoga tushib qolgan, ammo muassasa ma’muriyati ota-onaga videoni bermay, tarbiyachiga faqat hayfsan bilan cheklandi. Bolalar ombudsmanining aralashuvi orqaligina muammo rasmiy ko‘rib chiqildi. Shuncha bosim va e’tibordan so‘ng, tarbiyachiga nisbatan intizomiy chora ko‘rildi. Bu yetarlimi?

Kuzatish emas, befarqlik ustun bo‘lgan tizim

Yuz berayotgan voqealar biror kamchilikka yo‘l qo‘yilgan jiddiy holat emas, balki tizimning o‘zida chuqur ildiz otgan muammolar natijasi ekanini ko‘rsatmoqda. Bu muammolar qatoriga nazoratsizlik, tarbiyachilarning psixologik tayyorgarlik darajasining pastligi, xavfsizlikka nisbatan e’tiborsizlik va eng yomoni — javobgarlik hissining yo‘qligi kiradi.

Qashqadaryodagi 2 yoshli qizchaning fojiaviy o‘limi bunga yana bir achchiq misol. Qamashi tumanidagi xususiy bog‘chada bola hovlida nazoratsiz qolgan va bog‘cha atrofidagi ariqqa tushib ketib vafot etgan. Onasi bog‘cha atrofida ochiq ariq borligini oldindan aytganini, ammo xavfsizlik chorasi ko‘rilmagani, bog‘chaning esa fojiadan atigi uch kun o‘tib yana ishlayotganini aytadi. Bu tizim odam hayotini baholamay qo‘yganini ko‘rsatmaydimi?

2024 yil 15 fevralda Jizzax viloyatida ham shunga o‘xshash holat yuz berdi: bog‘chadan uch nafar bola nazoratsiz chiqib ketgan, ulardan biri – 3 yoshli qizaloq oradan ko‘p o‘tmay suvda cho‘kib o‘lgan holda topilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi ochildi, direktor, tarbiyachi va SЕSS rahbari sudga tortildi. Ammo bu bolani tiriltirmaydi.

Kamera kuzatadi, lekin bolaning ko‘z yoshini o‘chira olmaydi

Ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez paydo bo‘layotgan videolar – o‘ziga xos “signal”dir. Tarbiyachi bolaning qo‘lidan tortadi, haqoratlaydi, yig‘lab turgan bolani yerga uradi. Bularning barchasi kameraga tushadi, ammo kamera faqat holatni qayd etadi, uning oldini olmaydi. Kamera bolaning ruhida qoladigan jarohatni davolay olmaydi.

Agar nazorat faqat kamera bilan cheklansa, demak tizimda insoniy yondashuv emas, sun’iy ko‘z ustuvor. Tarbiyachining yuragi emas, shiftdagi linza bola holatini kuzatadi. Bu esa xavfli yondashuv.

Mehrsiz tizim, chorasiz ota-onalar

Ko‘pchilik ota-onalar bog‘chalarni tanlashda hamon “joy topish” muammosiga duch keladi. Ayrim holatlarda tanish-bilishsiz yoki pul bermay bola joylashtirish qiyin. “Eng yaxshi” guruhlar tanlab olinadi, unga kirish uchun esa norasmiy to‘lovlar kerak bo‘ladi. Bu tizimdagi korrupsiya ildizi hamon chuqur.

Shunday muassasalarda ishlaydigan tarbiyachilar esa ko‘pincha past maosh, ko‘p bola va kuchli stress ostida qolishadi. Aksariyatining psixologik tayyorgarligi yetarli emas. Tarbiyachining bir kunlik muolajasi bolaga butun umrga muhr bo‘lib qolayotganini anglaydigan muhit yetishmaydi.

Davlat tizimi yetim farzandini unutgandek

So‘nggi yillarda maktab va oliy ta’lim tizimida islohotlar tez-tez ko‘zga tashlanadi. Ammo maktabgacha ta’lim – bu islohotlarning soyasida qolgan soha. Aslida esa bola ilk qadamini aynan bog‘chada tashlaydi. Bu yerda u ilk bor jamoada yashash, fikrini ifoda etish, o‘zini himoya qilishni o‘rganadi. Agar bu muhit zo‘ravonlik, beparvolik va qo‘rquvga to‘la bo‘lsa – biz kelajak avloddan nimani kutamiz?

Qonun bor, lekin javobgarlik-chi?

Jizzaxdagi hodisa – bog‘cha direktori va tarbiyachiga nisbatan jazo qo‘llanilgan kam sonli holatlardan biridir. Direktor va tarbiyachi 4 yilgacha ozodlikni cheklash jazosi oldi. SЕSS rahbari ham aybdor deb topildi. Ammo boshqa o‘nlab holatlarda – na sud, na ishdan bo‘shatish. Ko‘p holatlarda esa faqat “hayfsan” bilan ish tugaydi. Bolalar kaltaklangan, o‘lim topgan, ammo muassasalar ishlashda davom etmoqda.

Yechimlar: bor, faqat iroda kerak

Yuz berayotgan muammolar tahlil qilinsa, quyidagi tizimli chora-tadbirlar zarurligi ayon bo‘ladi:

1. Har bir maktabgacha ta’lim muassasasida psixolog bo‘lishi va u doimiy ishlashi shart.

2. Tarbiyachilar sertifikat asosida ishga olinishi kerak, ularning ruhiy va pedagogik tayyorgarligi doimiy baholanishi lozim.

3. Kuzatuv kameralaridan tashqari, mustaqil jamoatchilik nazorati yo‘lga qo‘yilishi kerak.

4. Bog‘chalar atrofidagi xavfsizlik infratuzilmasi (ariq, temir yo‘l, ochiq hovli) to‘liq o‘rganilishi va bartaraf etilishi kerak.

5. Korrupsiyaga qarshi ochiq e’lonlar, onlayn ro‘yxatga olish, ota-onalarning shikoyatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha maxsus platforma joriy etilishi shart.

So‘nggi so‘z o‘rnid bog‘chada zo‘ravonlikka uchragan, tahqirlangan yoki beparvolikdan o‘lim topgan har bir bola – bu jamiyatning halollik, vijdon va e’tibor imtihonidan yiqilganining belgisi. Bu maqola oddiy faktlar to‘plami emas – bu bolaning yurakdagi qichqirig‘i. U jim, ammo juda baland.

Ushbu faryodni faqat kamera emas, faqat protokol emas, balki insoniy qalb, javobgarlik va mehr eshitmog‘i kerak.

    Boshqa yangiliklar