Joriy yilning 1 iyul kuni Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida profilaktika inspektori chaqiruv vaqtida pichoqlangandi va oqibatda vafot etgandi. Marhum profilaktika inspektori katta leytenant Abdurasul Abduvaliyev O‘zbekiston Prezidentining tegishli farmoniga asosan “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Prezident farmonini viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov o‘qib eshittirdi. Medal marhum IIO xodimining oila a’zolariga topshirildi.
Ma’lumot uchun, 1 iyul kuni soat 20:50 larda Xo‘jaobod tumanining “Yuksalish” mahallasidagi xonadonda janjal bo‘layotganligi haqida xabar kelib tushgan. Hudud profilaktika inspektori katta leytenant, marhum Abdurasul Abduvaliyev mahalla raisi A.Mamataliyev bilan birga voqea joyiga yetib borgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 65 yoshli fuqaro Yunusali Tumarovich Xolbozorov mast holda o‘z oila a’zolariga xo‘jalik pichog‘i bilan tahdid solayotgan bo‘lgan. Fuqaroni zararsizlantirish jarayonida Xolbozorov qo‘lidagi pichoq bilan katta leytenant Abduvaliyevning ko‘krak qismiga zarba berib, qochib ketgan.