AsosiyDunyo

Rossiyada huquq himoyachilari va jurnalistlar uyida tintuvlar o‘tkazildi

Bu harakatlar “davlatga xiyonat” moddasiga oid jinoyat ishi doirasida amalga oshirilgan

'Rossiyada huquq himoyachilari va jurnalistlar uyida tintuvlar o‘tkazildi'ning rasmi

Bugun, 8 iyul kuni ertalab Rossiyaning bir nechta hududlarida mustaqil jurnalistlar, huquq himoyachilari va madaniy tashkilotlar vakillari uyida tintuvlar o‘tkazildi. Taxminlarga ko‘ra, bu harakatlar “davlatga xiyonat” moddasiga oid jinoyat ishi doirasida amalga oshirilgan.

Ishonchli manbalarga ko‘ra, Irkutskda “Sibir qiynoqlarsiz” jamg‘armasi rahbari Svyatoslav Xromenkovning uyi tintuv qilindi. U IRK-6 koloniyasida qiynoqqa solingan mahbuslar huquqlarini himoya qilib kelayotgan edi. Tintuv chog‘ida barcha texnika, hujjatlar va telefonlar olib qo‘yildi. Xromenkovning aytishicha, hozir uni advokat bilan ko‘rishishga qo‘ymayapti. Rafiqasi bu holatni “qo‘rqitish akti” deb baholagan. Ayni paytda advokat uni qayerda ekanini aniqlay olmayapti.

Yoshkar-Olada ham huquq himoyachilari – Irina Protasova va Olga Vasileva uyida va ofisida tintuvlar bo‘lib o‘tdi. Ularning telefonlari va texnikalari musodara qilindi. Protasovani esa tergov qo‘mitasiga olib ketishgan.

Jurnalistlar ham chetda qolmadi. Siyosiy mahbuslar ustidan sud ishlarini yoritgan va SOTAvision bilan hamkorlik qilgan jurnalist Yekaterina Tkachyova uyida ham tintuv bo‘lib, u Federal xavfsizlik xizmati (FSB)ga so‘roq uchun olib ketildi.

Bundan tashqari, mamlakatning “Revolt-markazi” nomli madaniy makonda ham FSB xodimlari tintuv o‘tkazdi. Bu markaz 2019 yildan beri ko‘rgazma va ma’ruzalar o‘tkazib kelayotgan edi. Uning xodimlari uyida ham tintuvlar bo‘ldi.

Rasmiylar bu hodisalarning o‘zaro bog‘liqligi bor-yo‘qligini hozircha izohlamadi. Ammo kuzatuvchilarning fikricha, bu bosimlar mustaqil ovozlarni o‘chirishga qaratilgan navbatdagi urinish bo‘lishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar