O‘zbekistonda IELTS imtihonini qog‘ozda topshirish davri nihoyasiga yetdi. 11 iyuldan boshlab barcha testlar faqat kompyuterda o‘tkaziladi. Bu haqda IDP test markazi rasmiy xabar berdi.
10 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan IELTS — qog‘ozli shaklda o‘tkaziladigan so‘nggi imtihon bo‘ladi. Bu o‘zgarish IDP, British Council va Cambridge University Press & Assessmenttomonidan o‘tkaziladigan barcha imtihonlarga tegishli.
Qog‘ozli shaklning bekor qilinishi operativ va xavfsizlik sabablari bilan izohlanmoqda. So‘nggi oylarda ayrim imtihonlarning javoblari testdan oldin tarqab ketgani haqida xabarlar chiqqan edi. Xususan, 7 iyun kuni o‘tkazilgan imtihon javoblari kechikib 24 iyunda e’lon qilingan.
Shu sabab, Edu-Action Exams markazi ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga ikkita imkoniyatni taklif qilmoqda:
1. IELTSni kompyuter shaklida topshirish (bepul o‘tkaziladi);
2. To‘lovni to‘liq qaytarib olish.
Ma’lumot uchun, har yili dunyo bo‘yicha 4 milliondan ortiq inson IELTS topshiradi. Bu test oliy ta’lim, migratsiya va ishga joylashishda xalqaro e’tirofga ega bo‘lgan eng ishonchli tizimlardan biri hisoblanadi.