Eron hamda Isroil o‘rtasidagi qurolli mojaroning tugashidan so‘ng, Tel-Aviv Suriya va Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarni normallashtirishi mumkin. Bu haqda The Washington Post gazetasi yozmoqda.
“Prezident Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu uchun G‘azo sektoridagi ikki oylik o‘t ochishni to‘xtatish ularning umumiy maqsadi — Isroil va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish yo‘lidagi muhim qadamdir”, — deyiladi xabarda.
Xabara ko‘ra, Tramp yanada keng ko‘lamli strategiyani — yangi Yaqin Sharqni yaratishni rejalashtirmoqda. Bu yerda uning birinchi muddatida imzolangan Ibrohim kelishuvlariga (Abraham Accords) yangi davlatlar qo‘shilishi mumkin. Ushbu shartnomalar Isroil va arab davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtiradi va Tramp ularning geografiyasi va ta’sirini kengaytirishga umid qilmoqda.
Arab va musulmon dunyosida katta nufuzga ega bo‘lgan Saudiya Arabistoni allaqachon Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishga qiziqish bildirgan. Biroq rasmiylar Isroil—Falastin mojarosini hal qilish bo‘yicha qat’iy qadamlarni, birinchi navbatda, G‘azodagi janglar to‘xtatilishini talab qilmoqda.
“Tramp uchun eng muhimi — G‘azodagi urushni to‘xtatish. Bu butun mintaqada tinchlik o‘rnatishning kalitidir”, — deydi ekspert Gilboa.
Isroil 2020 yilda Bahrayn, BAA va Marokash bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan. 2021 yilda Sudan yahudiy davlati bilan rasman aloqa o‘rnatgan mamlakatlar qatoriga qo‘shildi. Shu paytgacha arab davlatlaridan Isroil bilan diplomatik munosabatlarni faqat Misr (1979 yildan) va Iordaniya (1994 yildan) olib borgandi.
Ma’lumot uchun, Suriya Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar davomida endi Isroil tomonidan anneksiya qilingan Jo‘lon tepaliklarini qaytarib berishni talab qilmayotgani xabar qilingandi.
AQSH prezidenti Donald Tramp 3 iyul kuni Saudiya Arabistoni mudofaa vaziri shahzoda Xolid bin Salmon bilan uchrashgan edi.