AsosiyJamiyat

“Samarqand no‘xat sho‘ragi” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi

Adliya vazirligi ushbu taomni geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatiga kirg‘izdi.

'“Samarqand no‘xat sho‘ragi” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi'ning rasmi

O‘zbek milliy taomlari orasida o‘ziga xos ta’mi, go‘shti va noni bilan ajralib turadigan “Samarqand no‘xat sho‘ragi” endi rasmiy maqomga ega.

Adliya vazirligi ushbu taomni 2025 yil 3 iyul kuni geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Bu haqda “Adliya xabari” ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, geografik ko‘rsatkich – bu ma’lum bir hududga xos mahsulot yoki taomni belgilovchi, sifati va shu yerga tegishliligi bilan bog‘liq bo‘lgan belgi hisoblanadi.

“Samarqand no‘xat sho‘ragi”ning aynan shu maqomni olishi bejiz emas. Chunki:

— Unda go‘sht va ilik qaynatilgan sho‘rvalar aralashmasi mavjud;

— 1-2 soat xona haroratida quritilgan Samarqand noni ishlatiladi;

— Va nihoyat, bu taom faqatgina Samarqand shahriga xos bo‘lgan qadimiy uslubda tayyorlanadi.

Rasmiy hujjat Samarqand viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Sattorov tomonidan, viloyat hokimi v.b. Adiz Boboyevga topshirildi.

Shu tariqa, o‘zbek xalqining milliy taomlari yana bir bor e’tirof etildi va himoyaga olindi.

Eslatib o‘tamiz, Adliya vazirligi – geografik ko‘rsatkichlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish vakolatiga ega yagona organ hisoblanadi.

    Boshqa yangiliklar