Toshkent yerusti metrosida boshlangan navbatdagi “profilaktika ishlari” qator muammolarni ochib tashladi. Bosh prokuratura qoshidagi Transport prokuraturasi olib borgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, ishlar nafaqat jadvaldan orqada, balki loyiha talablariga to‘liq javob bermaydi. Eng achinarlisi — relslar allaqachon demontaj qilingan, lekin nima evaziga?
Joriy yilning 8 iyundan boshlab “Qipchoq” va “Turon” bekatlari oralig‘ida poyezdlar harakati to‘xtatildi. Oradan ikki hafta o‘tar-o‘tmas, “Quruvchilar”dan “Yangiobod”gacha bo‘lgan yo‘l ham yopilmoqda. Natijada, 14 ta bekatdan 9 tasi vaqtincha ish faoliyatini to‘xtatmoqda. Bu — Toshkentda jamoat transportiga tayanib kun kechirayotgan minglab yo‘lovchilar uchun yana bir sinov.
Rasman aytilishicha, profilaktika ishlari reja asosida va 3 oy davom etadi. Ammo Bosh prokuratura matbuot xizmatining 24 iyun kuni tarqatgan xabari bu bayonotga savollar tug‘diradi. Xabarda ta’kidlanishicha, Transport prokurori Ikrom Narimov boshchiligidagi ishchi guruh o‘rganish o‘tkazgan va “qator kamchiliklar”ni aniqlagan. Nima uchun bu kamchiliklar ishlar boshlanganidan keyingina aniqlanyapti?
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ buyurtmachi, “Ko‘prikqurilish” esa pudratchi sifatida ko‘rsatilgan. Ammo jarayondagi xatoliklar uchun kim javob beradi? Relssiz qolgan shaharning, vaqtini avtobuslarda sarflayotgan oddiy yo‘lovchining haqqi qayerda?
Prokuratura bergan topshiriqlarga ko‘ra, mavjud xatolar zudlik bilan bartaraf etilishi va ishlar loyiha talablariga “to‘liq muvofiq” ravishda qayta ko‘rib chiqilishi shart. Biroq, bu va’dalar oddiy fuqaroga necha kundan keyin yengillik olib keladi – noma’lum.
Profilaktika bahonasida relslar olib tashlangan, bekatlar yopilgan, ammo aniqlanayotgan “kamchiliklar” va ishlar sifati — bular metro tizimidagi yondashuvda tizimli muammo borligidan darak emasmi?
Shahar transportidagi ishonchli alternativ — yerusti metroda ishonchning o‘rnini savollar egalladi. “Shaffoflik”, “xavfsizlik” va “sifat” degan so‘zlar esa hozircha matbuot bayonotlarida qolmoqda.