Gruziya huquq-tartibot idoralari noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash doirasida 45 nafar xorijlikni qo‘lga oldi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘lga olinganlar orasida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Turkiya, Pokiston va boshqa qator davlatlar fuqarolari bor.
Gruziya IIV ma’lumotiga ko‘ra, bu kabi reydlar muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Natijada mamlakat hududida qonuniy asoslarsiz yurgan shaxslar aniqlanib, deportatsiya qilinmoqda.
Avvalroq Gruziyada migratsiya qonunchiligi kuchaytirilgan edi. Jumladan, mamlakatda bo‘lish muddatini buzganlik uchun jarimalar miqdori oshirildi. Shuningdek, norozilik namoyishlarida qatnashish qoidalarini buzgan chet elliklarni deportatsiya qilishga ham ruxsat berilgan.
Ma’lumot uchun, 2025 yilning 11 oyi davomida Gruziyadan qonuniy asoslarsiz bo‘lib turgan 1131 nafar chet el fuqarosi chiqarib yuborilgan.






