AQSH Oliy sudi Bostondagi sudning deportatsiyani to‘xtatib turish haqidagi qarorini bekor qildi. Endi mamlakatda noqonuniy yashayotgan minglab migrantlar uchinchi davlatlarga chiqarib yuborilishi mumkin.
“Samolyotlarni ishga tushiring!” — deya bayonot berdi AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi. Ular bu qarorni “amerikaliklar xavfsizligi yo‘lida qozonilgan muhim g‘alaba” sifatida baholadi.
Endilikda AQSH rasmiylari hujjatsiz immigrantlarni, ularni qabul qilishga tayyor bo‘lgan har qanday davlatga deportatsiya qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurash prezident Donald Trampning saylovoldi va’dalaridan biri edi.
“The Washington Post” xabariga ko‘ra, Tramp AQSHdan 1 million migrantni chiqarib yuborishni rejalashtirgan.
Ammo bu siyosatga qarshi AQSH bo‘ylab minglab odamlar norozilik bildirib, ko‘chalarga chiqdi. Ular insoniylik va adolat talab qilishmoqda.