Kecha, 22 iyun kuni Rossiya armiyasi Ukraina harbiylarining o‘quv poligoniga raketa zarbasini berdi. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlari Quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondonligi ma’lum qildi.
Rasmiy tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, zarba oqibatida kamida 3 nafar harbiy halok bo‘lgan, yana 11 nafari yaralangan. Tahlilchilar bu voqeani Ukraina armiyasi uchun og‘ir zarba sifatida baholamoqda, ayniqsa urush sharoitida har bir tayyorlangan harbiy – oltindek qadrli bo‘lib turgan paytda.
Qo‘mondonlik matbuot xizmatining xabar berishicha, hujum mexanizatsiyalashgan brigadalardan birining mashg‘ulot paytida sodir bo‘lgan. Ammo zarba qaysi viloyatda amalga oshirilgani ochiqlanmadi.
Biroq Ukraina ijtimoiy tarmoqlarida faol bo‘lgan “Nikolayevskiy Vanek” nomli Telegram kanali bu hujum Nikolayev viloyatida sodir bo‘lganini iddao qilmoqda. Bu manba ko‘pincha rasmiylar bilan yaqin aloqada bo‘lishi bilan tanilgan.
Qayd etish joizki, bu – iyun oyida Ukraina poligoniga to‘rtinchi marta raketa zarbasi berilishi. 1 iyun kuni Dnepropetrovsk viloyatidagi yana bir poligonga uyushtirilgan hujumdan so‘ng, Ukraina Quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Mixail Drapatiy iste’foga chiqqan edi.
Ukraina harbiy qo‘mondonligi zarbalardan saboq chiqaradimi yoki bu yana navbatdagi og‘ir xatolikmi – bu hozircha ochiq qolmoqda. Ammo fakt shuki: harbiy poligonlar nishonga aylangani — front ortidagi xavfsizlikning tobora zaiflashayotganidan darak.