Ma'lum qilinishicha, tergov X'da voyaga etmaganlarga oid noqonuniy kontent, jinsiy mazmundagi deepfake videolar hamda Grok sun'iy intellekti orqali tarqalgan Holokostni inkor etuvchi postlar bilan bog'liq.
Uch oy avval Fransiya politsiyasi X'ning Parij shahridagi ofisida tintuv o'tkazgan. Shundan so'ng Mask va kompaniyaning sobiq rahbari Linda Yaccarino so'roqqa chaqirilgan, ammo ular kelmagan. Endi Fransiya tomoni ularni majburiy tarzda so'roqqa olib kelish masalasini ko'rib chiqmoqda.
Parij prokurori idorasiga ko'ra, tergovning asosiy maqsadi internetdagi jinoyatlardan jabrlanganlarni himoya qilishdan iborat. Fransuz nashrlari X sud talabiga qaramay algoritmni taqdim etishdan bosh tortganini yozmoqda. Tergov sudyalari X Corp., xAI, Elon Musk va Linda Yaccarino bo'yicha rasmiy ayblov tayyorlash masalasini ko'rib chiqmoqda.
Fransiyalik deputat Eric Bothorel Muskning so'roqqa kelmaganini noto'g'ri qaror deb atagan. Uning murojaatidan keyin 2025 yil yanvarda dastlabki tergov boshlangan. Fransiyada bunday jarayonlar oylar, hatto yillar davom etishi mumkin.
Tintuvlardan keyin X Fransiya harakatlarini “siyosiylashtirilgan tergov” deb baholadi. AQSh Adliya vazirligi esa Fransiyaga ushbu ishda yordam berishdan bosh tortgan.
Hozircha tergov doirasida noqonuniy kontent tarqatish, shaxs huquqlarini buzish, insoniyatga qarshi jinoyatlarni inkor etish va shaxsiy ma'lumotlarni xavfsiz saqlamaslik kabi ayblovlar o'rganilmoqda.






