AQSH prezidenti Donald Tramp shu hafta Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal nashri manbalariga tayangan holda xabar berdi. Nashr yozishicha, Tramp Kreml rahbari Vladimir Putinning Ukrainaga qarshi hujumlaridan va tinchlik muzokaralarining sekin sur’atda ketayotganidan tobora ko‘proq norozi bo‘lmoqda.
Manbalarga ko‘ra, tahlil qilinayotgan cheklovlar yangi bank sanksiyalarini o‘z ichiga olmasligi mumkin, biroq muzokaralarda Putini yengillikka undash uchun bosimning boshqa shakllari muhokama qilinmoqda. Jumladan, Ukraina qo‘llab-quvvatlayotgan, ammo Rossiya rad etayotgan 30 kunlik otashkesim masalasi muhimi qayd etilmoqda.
Biroq nashr ta’kidlashicha, Tramp hali hech qanday sanksiyalarni joriy qilmaslik qaroriga ham kelishi mumkin. WSJ yozishicha: «Tramp tinchlik muzokaralaridan charchagan» va agar «so‘nggi urinish samara bermasa», ularda qatnashishdan butunlay voz kechish masalasini ham ko‘rib chiqmoqda.
Shuningdek, maqolada: "Agar AQSH tinchlik jarayonidan chekinadigan bo‘lsa, nima bo‘lishi va Tramp Ukrainaga harbiy yordamni davom ettiradimi — hozircha noma’lum", — deyiladi.
So‘nggi haftalarda Tramp Ukraina qo‘llab-quvvatlagan otashkesimni rad etayotgani uchun Putinni ochiq tanqid qilish bosimiga qarshilik qilib kelayotgan edi. Ammo WSJ manbalariga ko‘ra, uning pozitsiyasiga uchta muhim omil ta’sir qilgan:
1. Zelenskiyga nisbatan yoqtirmaslik. Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni «janjalni kuchaytirayotganlikda» ayblab, u sanksiyalar joriy etishni talab qilganiga qaramay, otashkesimga rozi bo‘lganini tan olgan.
2. Sanksiyalar samarasizligi. Trampning fikricha, qo‘shimcha sanksiyalar Rossiyaning urush olib borish qobiliyatiga jiddiy ta’sir qilmaydi, ammo AQSH-Rossiya iqtisodiy aloqalarini tiklash jarayonini murakkablashtiradi.
3. Putinga bo‘lgan shaxsiy ishonch. Tramp o‘zini Putinni yaxshi biladi, deb hisoblagan va urushni to‘xtatishni «shaxsiy ehtirom» sifatida kutayotganini bildirgan. Ammo o‘tgan haftagi telefon suhbati paytida Putin otashkesim kelishuvini imzolashdan bosh tortgani Trampning uning haqidagi fikrini yomon tomonga o‘zgartirgan.
Shuningdek, Tramp yakshanba kuni Rossiyaning Ukrainaga qarshi so‘nggi raket zarbalarini qoralar ekan, Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy qilish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.
Bundan avval Tramp Putinni qattiq tanqid qilib, uni "butunlay aqldan ozgan" deb atagan va “Putin Ukrainani butunlay bosib olmoqchi, agar u butun Ukrainani bosib olishga urinsa, bu Rossiyaning qulashiga olib keladi”,- degan.
Yaqinda jurnalistlar bilan suhbatda ham Tramp Putinning harakatlaridan qattiq norozi ekanini va Rossiya rahbarining bugungi harakatlarining sababini tushunmasligini alohida ta’kidladi.
Ma’lumki, Ukraina Havo kuchlarining ma’lum qilishicha, 2025 yil 25 mayga o‘tar kechasi Rossiya Ukraina hududiga qarshi 367 ta turli havo hujumi vositalaridan foydalangan. Bu hujum natijasida mamlakatning 13 hududi zarar ko‘rgan, 80 dan ortiq turar joy binolari vayron bo‘lgan, 12 kishi halok bo‘lgan va yana 60 kishi yaralangan.
Bunga javoban, Yevropa Ittifoqining Ukrainadagi elchisi Katarina Maternova: "Rossiya dunyo va AQSHning tinchlik o‘rnatish borasidagi harakatlaridan kulmoqda", — deya baho berdi.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Iogann Vadeful esa G‘arbni Rossiyaning yangi hujum to‘lqiniga qattiq javob qaytarishga chaqirdi. Uning fikricha, “Putin urushning haqiqiy narxini his qilishi kerak”.
Abdulloh Sayyid