Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hududida joylashgan eski sanoat zonasi hududida qurilayotgan “Botanika” turar joy majmuasi qurilishi hududdagi tadbirkorlarning e’tirozi sabab to‘xtatildi. Bunga Oliy sud ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasining 2025 yil 27 yanvardagi qarori asos bo‘lgan — sud qarori bilan Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasining ushbu manzilda ko‘p qavatli turar joy qurish uchun tadbirkorga bergan ijobiy xulosasi haqiqiy emas deb topilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, United Industrial Equipment MCHJ sudga murojaat qilib, Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasining eski sanoat zonasida tadbirkorga ko‘p qavatli uy qurish huquqini beruvchi 2023 yil 15 avgustdagi ruxsatnomasi va qurilish bosh boshqarmasining 2023 yil 22 sentyabrdagi 95161354-sonli ijobiy xulosasini haqiqiy emas deb topish so‘ragan.
Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining 2024 yil 19 apreldagi hal qiluv qarori bilan MCHJlarning talablari rad qilingan. So‘ngra ish Toshkent shahar ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan. Sudda ishtirok etgan Sanitariya – epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi mutaxassisi “dom” qurilayotgan manzil sanoat zonasida joylashganini, belgilangan talablarga asosan turar joy binolari omborlardan kamida 50 metr masofada joylashgan bo‘lishi kerakligini, mavjud sanitariya me’yorlariga mos kelmasligini bildirgan.
Mirzo Ulug‘bek tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mutaxassisi esa United Industrial Equipment va Unieq Finance Leasing MCHJlar hududidan “Botanika” ko‘p qavatli turar joy binosi fundamentigacha bo‘lgan oraliq masofa 4,6 metrni va eng uzoq masofa 8,3 metrni tashkil etishini, shu bois binoni joylashtirish sxemasida ko‘rsatib o‘tilgan oraliq masofa talabi buzilganini ma’lum qilgan.Toshkent shahar ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasining 2024 yil 29 iyundagi qarori bilan dastlabki sud qarori o‘zgartirilgan va javobgar Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasining 2023 yil 22 sentyabrdagi 95161354-sonli xulosasi haqiqiy emas deb topilgan. Shuningdek, apellyatsiya instansiyasi sudi Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasiga nisbatan xususiy ajrim ham chiqargan. Unda boshqarma tomonidan qayd etilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida chora-tadbirlar belgilash va natijasi yuzasidan bir oy muddatda Toshkent shahar ma’muriy sudiga xabar berish belgilangan.
Toshkent shahar ma’muriy sudi taftish instansiyasining 2024 yil 13 sentyabrdagi qarori bilan apellyatsiya instansiyasi qarori va xususiy ajrimi bekor qilinib, dastlabki sud qarori o‘z kuchida qoldirilgan.