O‘zbekiston prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi joriy etiladi. Bu haqda “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmonida belgilandi.
Farmonga ko‘ra, ushbu stipendiya bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha ta’lim olish uchun eng munosib nomzodlarni saralash maqsadida joriy etiladi.
“El-yurt umidi” stipendiyasi g‘oliblari ochiq tanlov asosida test sinovlari va suhbat o‘tkazish orqali aniqlanadi. Test sinovlarida nomzodlarning intellektual, tahlil qilish va kreativlik qobiliyatlari, psixologik barqarorligi baholanadi.
Farmonga ko‘ra, “El-yurt umidi” jamg‘armasi Prezident huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi etib qayta tashkil etildi.
Jamg‘armaning asosiy vazifalari quyidagilar belgilandi:
- professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan kadrlarga bo‘lgan talabni o‘rganib borish;
- nomzodlarni vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari ehtiyojlariga mos holda professional yo‘naltirish;
- stipendiatlarning O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng mehnat faoliyati va ijtimoiy himoyasi uchun munosib shart sharoitlar yaratish hamda ularni qo‘llab quvvatlash bo‘yicha takliflar kiritish;
- O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yanada oshirish uchun stipendiatlar salohiyatidan samarali foydalanish.
Bakalavriat bo‘yicha hamda magistratura va doktorantura bo‘yicha xalqaro reyting tashkilotlarining global reytingi natijalariga ko‘ra:
- birinchi 100 talikka kiritilgan xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qish xarajatlari (tuition feye) to‘liq qoplanadigan grant asosida qabul qilingan nomzodlarga “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalari tanlovlarsiz ajratiladi;
- birinchi 300 talikka kiritilgan xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga qabul qilingan nomzodlarga xalqaro transport va turarjoy xarajatlari uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalari tanlovlarsiz ajratiladi;
- birinchi 20 talikka kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qish xarajatlari (tuition feye) kamida 50 foiz qoplanadigan grant asosida qabul qilingan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari bitiruvchilariga “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalari tanlovlarsiz ajratiladi.