hamda uning madaniy-diplomatik va geostrategik ahamiyatini ta'kidladi.
Maqola muallifi, taniqli geosiyosiy tahlilchi Kamran Bоhari, Markaz tashkil etilishini O‘zbekistonda kechayotgan keng qamrovli o‘zgarishlar – mintaqaviy o‘yinchidan global xavfsizlik, iqtisodiyot va madaniy hamkorlik arxitekturasining faol ishtirokchisiga aylanish jarayonining bir qismi sifatida baholaydi. Nashrda qayd etilishicha: "Markaz Evroosiyo makonida islomiy intellektual va madaniy an'analarni shakllantirishda O‘zbekistonning tarixiy o‘rni namoyon etuvchi muhim tashabbusdir".
Forbes e'tiborni shu jihatga qaratadiki, global beqarorlik va "g‘oyalar raqobati" sharoitida Islom tsivilizatsiyasi markazi nafaqat madaniy obyekt, balki madaniy kuchning strategik platformasiga aylanmoqda: "Markaz bag‘rikeng Markaziy Osiyo musulmon an'analari modelini namoyon etish va konstruktiv mulоqot uchun muhim maydonga aylanish salohiyatiga ega".
Maqolada, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan siyosatga alohida e'tibor qaratilgan bo‘lib, u islomning insonparvarlik mohiyatini ilgari surish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va mintaqaga nisbatan yangi qiyofa shakllantirishga qaratilgani ta'kidlangan.
Muallif fikricha, Islom tsivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning Evroosiyo, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi madaniy va diplomatik ko‘prik sifatidagi yangi rolining "ramziy va strategik tayanchi"ga aylanmoqda.
Nashrda yana ta'kidlanishicha, Markaz tashkil etilishi O‘zbekistonning tarixiy merosni zamonaviy ta'sir vositalari bilan uyg‘unlashtira oladigan davlat sifatidagi pozitsiyasini mustahkamlaydi.
"O‘zbekiston o‘z tsivilizatsion merosini global barqarorlik va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlovchi zamonaviy madaniy kuch vositasiga aylantirmoqda", — deyiladi materialda.
Forbes Markaz ochilishini faqat milliy voqea sifatida emas, balki kengroq geoiqtisodiy va geosiyosiy strategiyaning bir qismi sifatida baholaydi. Ushbu strategiya doirasida Toshkent Evroosiyoning muhim tugunlaridan biri sifatida o‘z pozitsiyalarini mustahkamlamoqda.
Markaz ochilgan kuni e'lon qilingan mazkur maqola O‘zbekistonga bo‘lgan xalqaro qiziqish ortib borayotganini hamda uning madaniyat, ilm-fan va tsivilizatsiyalar mulоqoti orqali yangi global muvozanatni shakllantirishdagi o‘rni mustahkamlanib borayotganini tasdiqlaydi.






