AsosiyJamiyat

O‘zbekistonda internet foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilishga oid qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi

Mamlakatda 2017-yildan 2025-yilgacha internet foydalanuvchilari soni 14,7 milliondan 32,7 milliongacha oshgan.

'O‘zbekistonda internet foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilishga oid qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi'ning rasmi

O‘zbekistonda “Onlayn platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

So‘nggi yillarda internet va ijtimoiy tarmoqlar aholining axborotga bo‘lgan ehtiyojini tezkor qondirish, jamiyatdagi muhim masalalarni muhokama qilishda muhim vositaga aylangan. 2017-yildan 2025-yilgacha internet foydalanuvchilari soni 14,7 milliondan 32,7 milliongacha oshgan.

Eng ommabop platformalar orasida:

• Telegram — 28 million,

• Odnoklassniki — 19,2 million,

• Facebook — 2,3 million,

• VKontakte — 1,5 million,

• LinkedIn — 850 ming,

• Twitter — 250 ming foydalanuvchi qayd etilgan.

Qonun loyihasiga ko‘ra, internet foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish, onlayn platformalarda tarqatilayotgan kontentni tartibga solish, shuningdek, shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi me’yorlar belgilanishi nazarda tutilmoqda.

Hujjatda quyidagi tamoyillarga urg‘u berilgan:

• Qonuniylik – barcha faoliyat qonun doirasida olib boriladi;

• Foydalanuvchilar huquqlari ustuvorligi – axborot olish, fikr bildirish va xavfsiz internetdan foydalanish huquqlari kafolatlanadi;

• Cenzuraga yo‘l qo‘yilmasligi – qonun bilan taqiqlanmagan kontentga nisbatan erkinlik saqlanadi;

• Shaffoflik va xavfsizlik – noqonuniy kontent tarqalishining oldi olinadi.

Shuningdek, xorijiy mamlakatlar tajribasi ham o‘rganilgan. Masalan, Germaniyada 2 milliondan ortiq foydalanuvchisi bo‘lgan platformalar 24 soat ichida noqonuniy kontentni o‘chirish majburiyatiga ega. Fransiyada esa nafrat, terrorizm va bolalar pornografiyasiga qarshi qat’iy choralar ko‘rilgan.

Qonun loyihasida blogerlar faoliyatiga oid ba’zi mavjud me’yorlar qayta ko‘rib chiqilmoqda. Anonim profillar, guruh va kanallar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish bo‘yicha zamonaviy yechimlar taklif etilgan.

Bundan tashqari, kiberjinoyatchilik, feyk axborot, spam va fishing kabi zararli faoliyatlarga qarshi choralar ham ko‘zda tutilgan.

Muhimi, ushbu qonun loyihasi davlat ro‘yxatidan o‘tgan ommaviy axborot vositalarining rasmiy veb-saytlariga taalluqli emas. Ular faoliyati “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonun asosida tartibga solinadi.

Hozirda qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun ochiq. Foydalanuvchilar mana bu havola orqali hujjat bilan tanishib, o‘z taklif va mulohazalarini bildirishlari mumkin.

    Boshqa yangiliklar