1-maydan elektr va gaz narxlari yangilandi. Yangi tizim qanday ishlaydi va ehtiyojmandlar uchun qanday yengilliklar nazarda tutilgan?
2025-yil 1-maydan boshlab O‘zbekiston energetika bozorida yangi bosqich boshlanmoqda — elektr energiyasi va gaz uchun tariflar qayta ko‘rib chiqildi. Yangi tizimning asosiy tamoyili – resurslarni tejashga undash, ijtimoiy adolatni ta’minlash va ehtiyojmand qatlamni himoya qilish ekanligi ta’kidlandi.
Tariflar tabaqalashtirilgan holda joriy etiladi. Bu esa bir qarashda murakkabdek tuyulsa-da, aslida har bir iste’molchi o‘z sarfidan kelib chiqib narx to‘laydi.
Elektr energiyasida “ko‘p ishlatsang – ko‘proq to‘laysan” tamoyili
Yangi tariflarga ko‘ra, oylik iste’mol 200 kVt soatgacha bo‘lsa, elektr 600 so‘mdan sotiladi. Avval bu 450 so‘m edi. Bu eng past stavka.
Ammo 200 kVtdan ortiq iste’mol qilganlar uchun narxlar bosqichma-bosqich oshib boradi. Masalan:
— 201–500 kVt·soat – 800 so‘m,
— 501–1000 kVt·soat – 1000 so‘m,
— 1001–5000 kVt·soat – 1500 so‘m,
— 10 ming kVt·soatdan ortiq – 2000 so‘m.
Bu tizim orqali resursni haddan tashqari iste’mol qilish cheklanishi kutilmoqda. Shu bilan birga, energiyani tejab foydalanganga eng arzon tariflar taklif qilinmoqda.
Elektr plitalari o‘rnatilgan ko‘p qavatli uylardagi aholiga esa nisbatan pastroq tariflar qo‘llaniladi. Bu guruhda 200 kVt soatgacha — 300 so‘m, keyingi bosqichlarda esa 1000 so‘mgacha bo‘lgan narxlar belgilangan.
Gaz tariflari: mavsumiy va sarf miqdoriga qarab belgilangan narxda bo‘ladi
Tabiiy gaz narxlari ham ikki mavsumga bo‘lindi:
— Noyabr–fevral (isitish mavsumi)
— Mart–oktyabr (isitishsiz davr)
Isitish mavsumida 500 kub metrgacha bo‘lgan gaz 1000 so‘m etib belgilandi. Bu avvalgi 650 so‘mdan 53 foizga oshgan. 10 ming kub metrdan ortiq iste’mol qilganlar uchun esa narx 3000 so‘mgacha yetadi.
Bahor–yoz oylarida past iste’mol uchun tariflar saqlanadi, lekin yuqori sarf uchun narxlar yana oshadi.
Suyultirilgan gaz narxi esa 1 kg uchun 1600 so‘mdan 2000 so‘mgacha ko‘tariladi.
Ehtiyojmandlar uchun kompensatsiya tizimi ishga tushadi
Islohotning muhim jihatlaridan biri –ehtiyojmand oilalarni himoya qilish mexanizmining joriy etilishi. 2025-yil 1-maydan 2027-yil 1-aprelgacha ayrim toifadagi aholiga kompensatsiya ajratiladi.
Bu toifadagi oilalarning:
— oyiga 150 kVt·soat elektr energiyasi,
— 250 kub metr (qishda),
— 150 kub metr (yozda) tabiiy gaz sarfi uchun tariflar farqi davlat tomonidan qoplab beriladi.
Bu yondashuv orqali kam ta’minlangan oilalarga moliyaviy bosim kamaytirilishi rejalashtirilgan.
Raqamlar ortida turgan asosiy maqsad – energiya bozorini isloh qilishmi? Yoki...
Quvvat tariflarini erkinlashtirish — jahon tajribasida sinovdan o‘tgan, iqtisodiyotni barqarorlashtirishga xizmat qiluvchi strategik qaror. O‘zbekistonda bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Narxlarning oshishi, bir tomondan, ijtimoiy aholi qatlamlariga og‘ir tuyulishi mumkin, ammo boshqa tomondan bu — tejash, oqilona sarflash va davlat xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Muhimi — bu tizimda xalqning eng zaif qatlamlari e’tiborsiz qoldirilmagan.
Kutilgan islohot, ehtiyotkor qadamlar
Xulosa qilib aytganda yangi tariflar jamiyatda turli munosabatlarga sabab bo‘lmoqda. Ammo Energetika vazirligi va mutasaddi idoralar islohotni puxta rejalagan: tabaqalashtirilgan narxlar orqali resurslar tejaladi, adolatli taqsimot yo‘lga qo‘yiladi va ehtiyojmand oilalarga yordam saqlanadi.
Bu — oson bo‘lmagan, lekin uzoq muddatda foyda berishi mumkin bo‘lgan muhim qadam.