Merilend universitetining malakali neyroxirurglari jamoasi dunyo tibbiyotida misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatga erishdi — ular bemor Karla Floresning orqa miyasidagi xavfli o‘smalardan birini ko‘iz orqali olib tashlashga muvaffaq bo‘lishdi. Ushbu murakkab va hayot uchun xavfli operatsiya qariyb 18 soat davom etdi va natijada o‘sma to‘liq olib tashlandi. Eng muhimi, bemor to‘liq hayotga qaytish imkoniga ega bo‘ldi.
Washington Post nashrining yozishicha, operatsiyani neyroxirurgiya sohasida yuqori obro‘ga ega doktor Muhammad Labib boshqargan.
Bu 19 yoshli Karla Flores uchun hayot bilan o‘lim o‘rtasidagi jang edi. Uning organizmida bir vaqtning o‘zida ikki xil o‘sma aniqlangan: biri — miya sohasida, ikkinchisi esa bo‘yin qismidagi orqa miyaga yaqin joylashgan bo‘lib, falajlik xavfini yuzaga keltirayotgan edi.
Shifokorlar avval boshda miyadagi o‘smani muvaffaqiyatli olib tashlashdi. Biroq orqa miyaga yaqin joylashgan o‘sma murakkab anatomik joylashuvi tufayli yanada og‘ir va xatarli sanaladi. An’anaviy jarrohlik usullari — og‘iz yoki bo‘yin orqali kirish — juda ko‘p asoratlarga olib kelishi mumkin edi. Shu sababli, doktor Labib yechim sifatida ilgari tibbiyotda qo‘llanilmagan, lekin ehtimoliy samarali bo‘lgan innovatsion usulni taklif qildi — ko‘z orqali operatsiya o‘tkazish.
Bu qaror ilmiy jihatdan jiddiy baholanib, uzoq tayyorgarlik talab qildi. Jarrohlar murdalarda mashqlar o‘tkazib, har bir harakatni daqiqasigacha hisoblab chiqishdi. Jamoadagi yana bir yetakchi mutaxassis, doktor Kalpesh Vaxariyaning ta’kidlashicha, operatsiya vaqtida ko‘z tuzilmalariga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararni minimallashtirish juda muhim bo‘lgan.
Murakkab jarayon davomida shifokorlar nafaqat o‘smani ehtiyotkorlik bilan olib tashlashga, balki bemorning ko‘rish qobiliyatini saqlab qolishga ham e’tibor qaratishdi. Ushbu noyob operatsiya vaqtida yuz suyaklariga titanli implantlar joylandi.
Operatsiya muvaffaqiyatli yakunlandi: o‘sma butunlay olib tashlandi, va Karla yana odatiy hayot tarziga qaytish imkoniga ega bo‘ldi.
Abdulloh Sayyid